Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy devonxonasi rahbari Andrey Yermak Turkiyaga tashrifi doirasida "Bayraktar” hujumchi uchuvchisiz uchoqlarini ishlab chiqaruvchi "Baykar” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident devoni xabar berdi.
"Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Turkiya Respublikasiga tashrifini boshladi. U "Bayraktar” uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqaruvchi "Baykar” kompaniyasining ishlab chiqarish quvvatlarini borib ko‘rdi. Andrey Yermak kompaniya rahbarlari Xaluk va Selchuk Bayroqdor bilan ham uchrashdi”, deyiladi xabarda.
Ukrayna'dan Selçuk Bayraktar'a Devlet Liyakat Nişanı - Son Dakika Türkiye Haberleri | NTV Haber
Qayd etilishicha, Yermak Zelenskiy nomidan kompaniya direktorlar kengashi rahbari va texnik direktori Selchuk Bayroqdorni III darajali "Xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy Turkiyaning "Baykar” kompaniyasi bosh direktori Haluk Bayroqdor bilan Kiyevda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda dron tasviri tushirilgan naqshli ko‘ylak sovg‘a qilgan edi.
Ma’lumot uchun, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning 3 fevral kuni Kiyevga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif doirasida sakkizta davlatlararo hujjat, jumladan, Ukrainada Bayraktar” dronlarini ishlab chiqarish va texnik xizmat ko‘rsatish zavodini qurish imkonini beradigan yuqori texnologiyalar, aviatsiya va kosmik sohalardagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi. 19 iyul kuni Ukraina hukumati Turkiya bilan kelishuvni ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi. 8 avgust kuni Ukrainaning Turkiyadagi elchisi Vasiliy Bodnar "Baykar” Ukrainadan zavod qurish uchun yer sotib olganini aytdi.
Bayraktar droni
"Bayraktar TB2” – Turkiyaning Baykar Makina kompaniyasining uzoq parvoz qila oladigan hujumkor razvedkachi dron. Uning maksimal tezligi 222 km/soat, qanotlari kengligi 12 m, qurilma havoda 24 soatgacha turishi mumkin, dronning amaliy shifti esa 8,2 ming m.
Dron uchish masofasi 0,5 dan 8 kmgacha bo‘lgan ikkita lazerli boshqariladigan UMTAS tankga qarshi raketalari yoki Turkiyaning Roketsan kompaniyasining to‘rtta Bozok, MAM-C yoki MAM-L boshqariladigan aniq bombalari bilan qurollantiriladi.
Bunday turdagi dronlardan Qorabog‘, Suriya va Liviyadagi jangovar harakatlarda foydalanilgan. Ayni paytda "Bayraktar TB2” dronlari Ozarbayjon, Qatar, Liviya, Marokash, Polsha, Jibuti, Ukraina armiyalari hamda Qirg‘iziston Chegara xizmatida mavjud.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qurilmalar allaqachon 22 davlatga, jumladan Marokash, Niger va Efiopiyaga sotilgan.