Buyuk Britaniya Belarusga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini 17 ta pozitsiyaga kengaytirdi, jumladan, respublika Oliy sudi a’zolari Valentina Kulik va Igor Lyubovitskiy hamda prokurorlar ro‘yxatdan joy oldi. Bu haqda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi xabarida aytiladi.
Shuningdek, Minsk shahar sudi sudyalari Svetlana Bondarenko, Pyotr Orlov, Valentina Zenkevich va Sergey Xripachga, Gomel viloyat sudi sudyasi Nikolay Dolyaga nisbatan ham mamlakatga kirishni taqiqlash va aktivlarni muzlatishni nazarda tutuvchi cheklovlar kiritildi. Minsk viloyat sudi sudyalari Sergey Yepixov va Vyacheslav Tuleiko va Minskning Leninskiy tumani sudyasi Marina Zapasnik ham sanksiyadan quruq qolmagan.
Bundan tashqari, prokurorlar Sergey Girgel, Mixail Kovalev, Tatyana Grakun, Roman Bizyuk, Aleksandr Korol, Denis Mikushev va tergovchi Anton Kolyago ham Britaniya qora ro‘yxatiga kiritilgan. Londonga ko‘ra, yuqoridagi shaxslar Belarusda fuqarolik jamiyati va demokratik muxolifatni bostirish bilan shug‘ullangan.
Ulardan tashqari, yana sakkiz nafar suriyalik harbiy xizmatchi va mansabdor shaxslar Britaniya rasmiylarining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi, ular orasida axborot vaziri Butros al-Xallyak, mehnat va ijtimoiy ishlar vaziri Luay al-Munajid, neft va mineral resurslar vaziri Firas Hasan Kaddur, Sanoat vaziri Abdul Qodir Johadar, Ichki savdo va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish vaziri Muhsin Abdul Karim Ali va davlat vaziri Ahmad Bustaji ham bor.
Buyuk Britaniya hukumati, shuningdek, ayollarga nisbatan majburiy hijobni tatbiq etgani uchun mamlakat sud tizimi va xavfsizlik xizmati xodimlaridan besh nafar eronlikni ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan. Ro‘yxatdagi boshqa shaxslar orasida Gaiti Ichki ishlar vazirligining sobiq bosh direktori Fednel Monsheri va amerikalik Jozef Per Richard Dyuplan ham bor: ular 2018 yilda Port-o-Prens (Gaiti poytaxti) chekkasida o‘nlab odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan qirg‘inda ishtirok etgan, deb hisoblanmoqda.
Bundan tashqari, London Kambodja, Tailand, Avstraliya, Xitoy va Myanmaning majburiy mehnat, odam savdosi va firibgarlik bilan shug‘ullangan ishbilarmonlari va amaldorlariga nisbatan cheklov choralarini qo‘llagan.