Yevropa Ittifoqi mamlakatlari 15-yanvar kuni kiberhujumlarga qarshi kurash bo‘yicha olti haftalik mashg‘ulotlarni boshladi. Bu haqda Bloomberg nashr qo‘lidagi hujjatlarga tayanib xabar berdi.
Tadbir ittifoqchi davlatlarning kibersohadagi yirik inqirozga, jumladan, monitoring va tahdid manbasini topish, shuningdek, hujumga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etishga qay darajada tayyorligini aniqlab berishi kerak.
Hujjatlarda qayd etilishicha, Yevroittifoq mamlakatlari raqamli makonda bir-biri bilan chambarchas bog‘langan, shuning uchun bir mamlakatdagi ehtimoliy xakerlik boshqalarga ham ta’sir qilishi mumkin. Mashg‘ulotlar ittifoq mamlakatlariga xakerlik hujumlariga qarshi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga yordam beradi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchi davlatlardan birgalikda ommaviy axborotni tashkil qilish va kiberhujumga diplomatik javob choralarini kelishib olish talab etiladi. Mashqlar uchun Finlyandiyaning xayoliy energetika kompaniyasiga kiberhujum simulyatsiyasi uyushtiriladi, deb yozgan Bloomberg.
Yevropa Ittifoqida ushbu mashg‘ulotlar Ukraina hukumati veb-saytlariga kiberhujum uyushtirilgan kuni boshlangan. 14-yanvarga o‘tar kechasi xakerlar 70 ta portalni, jumladan, Ukraina Vazirlar Mahkamasi, Ta’lim va fan, Tashqi ishlar, Transport, Moliya vazirliklari va boshqa idoralarning veb-saytlarini buzib kirgan. Ularning sahifalarida ukrain, rus va polyak tillarida "qo‘rqing va eng yomonini kuting” degan chaqiriq paydo bo‘lgan. Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) saytlarning kontenti buzilmagani va shaxsiy ma’lumotlar sizib chiqmaganini ma’lum qilgan.
UXX kiberhujumni "Rossiya Federatsiyasi maxsus xizmatlari bilan bog‘liq xakerlik guruhlari” amalga oshirgan bo‘lishi mumkin, deya taxmin qildi. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi o‘rinbosari Sergey Demedyuk hujumni Belarus razvedkasi bilan bog‘ladi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyaning xakerlik hujumiga aloqadorligini rad etdi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 13-yanvar kuni Ittifoq tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida Ukrainaga "kiber hujumlarga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlash missiyasi” jo‘natilganini e’lon qilgandi. Borrelning so‘zlariga ko‘ra, kiber tahdid "ukrainaliklar duch kelishi mumkin bo‘lgan xavflardan biridir”.
Keyinroq, Ukraina saytlari xakerlik hujumiga uchragach, Yevropa Ittifoqi hujumni qoralab, uning oqibatlariga qarshi kurashda Kiyevga yordam berishga tayyorligini bildirdi.