Avvalroq, joriy yilning 5 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Saudiya Arabistonidagi "Abu Sarhad” hamkor shirkati bilan "Umra – 2022” mavsumini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma tuzganlari haqida xabar bergan edik.
O‘zbekisston musulmonlari idorasining ma’lum qilishicha, shundan so‘ng, hududlarda pandemiyadan oldin navbatda turgan fuqarolar ro‘yxatlarini shakllantirish, aviaqatnov jadvallarini ishlab chiqish, qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirish va ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari boshlab yuborilgan.
Idora ayni kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasiga OAV vakillari va mo‘min-musulmonlardan Umra ziyorati bo‘yicha juda ko‘p savollar bo‘layotgani uchun ularning ayrimlariga javob berdi.
Umra safari qachondan boshlanadi?
– Alloh nasib etsa, 2022 yil 22 yanvar kuni birinchi reysni Saudiya Arabistoniga uchirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shundan so‘ng 25, 28 yanvar kunlari ham navbatdagi reyslar amalga oshiriladi. Kelgusida muborak safarga reyslar sezilarli darajada oshirib boriladi, insha Alloh.
Boshlanayotgan Umra safariga qachon ro‘yxatga yozilgan fuqarolar jo‘natiladi?
– Joriy Umra mavsumida birinchi navbatda pandemiyadan oldin, ya’ni 2020 yil fevral oyi oxiriga qadar Umra ziyorati uchun to‘lovlarni amalga oshirib, safarga bora olmagan fuqarolar yuboriladi.
Umra to‘lovi qancha etib belgilandi?
Qayd etganimizdek, pandemiyadan oldin, ya’ni 2020 yil fevral oyiga qadar umra ziyorati uchun oxirgi belgilangan to‘lovlarni amalga oshirganlar qo‘shimcha ravishda 4 770 000 so‘m mablag‘ to‘laydilar. Ushbu qo‘shimcha to‘lovni belgilashda, mehmonxonalarda ziyoratchilarning xonalarga, avtobuslarda o‘rindiqlarga joylashtirishda oraliq masofa hisobiga 50 foizgacha qisqartirish, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlangan holda tarqatish, o‘rnatilgan boshqa karantin tartib-qoidalarini ta’minlash, 15 foiz Saudiya QQS solig‘i kabi sarf-xarajatlar ham hisobga olingan. Shuningdek, Makka va Madina shaharlarida eng zamonaviy mehmonxonalar ziyoratchilarga xizmat qiladi.
Mazkur to‘lovlarni amalga oshirishda ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida, "Aloqabank” ATning barcha filiallarida har kuni, hatto shanba va yakshanba kunlari ham qabul qilinadi.
Ziyoratchilar uchun qaysi vaksina bilan emlanish talab etiladi?
– Umra safariga boruvchi fuqaro COVID-19 ga qarshi "Astra-Zeneca”, "Moderna”, "Pfizer” yoki "Johnson & Johnson” vaksinalari bilan to‘liq emlanib, sertifikatga ega bo‘lishi lozim. Talab qilingan vaksinalarni emas, balki "Sputnik V” va O‘zbekiston-Xitoy kabi vaksinalar bilan to‘liq emlangan fuqarolar yuqorida sanalgan vaksinalardan biri bilan 1 marta emlanishi kifoya qiladi.
Saudiya Arabistonida qanday karantin talablari o‘rnatilgan?
– Saudiya Arabistoni hududiga Umra ziyorati uchun kirayotgan xorijlik fuqaro talab etilgan vaksinalar bilan emlangan bo‘lib, bu to‘g‘ridagi sertifikatga va 48 soatlik PZR testiga ega bo‘lishi, ziyoratchi o‘zi bilan 30 ta tibbiy niqob olishi (har 4 soatda almashtirish uchun) va Saudiya Arabistonida doimiy tibbiy niqobda yurishi va oraliq masofaga rioya qilishi belgilangan. Ta’kidlash kerakki, tibbiy niqob taqmaganlik uchun 300 AQSH dollari miqdorida jarima belgilangan. Ziyoratchilar Umra safari yakunida Vatanga qaytishdan avval o‘z hisoblaridan Makka shahridagi mehmonxonada PZR test topshirishlari kerak bo‘ladi.
Umra safari uchun yangi navbatlar qayerda yoziladi?
– 18 yoshdan katta bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi umra safariga borish uchun o‘zi ro‘yxatda turgan mahalla fuqarolar yig‘iniga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan chiqib, umra safari uchun ochilgan maxsus daftarga ro‘yxatga yoziladi va shu haqdagi ma’lumotnomani oladi. Ushbu daftar bo‘yicha navbati kelgan fuqaroni MFY tuman-shaharga tavsiya beradi. So‘ng hududdagi poliklinikada tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Natijalar yaxshi chiqsa, umra uchun belgilangan to‘lov summasini to‘laydi. Shuningdek, xorijga chiqish pasporti, tibbiy ko‘rikdan o‘tgani, vaksina olgani to‘g‘risidagi ma’lumot va sertifikat va to‘lov qog‘ozining nusxasini taqdim qiladi.