Olti nafar Turkiya fuqarosida koronavirusning "omikron” shtammi tasdiqlandi. Bu mamlakatda yangi shtamm bilan kasallanishning ilk holatlari, deb xabar berdi "Korrespondent.net” Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Xo‘jaga tayanib.
Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirining so‘zlariga ko‘ra, kasallanganlarning besh nafari Izmir shahrida, yana biri Istanbulda. Kasallik yengil o‘tayotgani sababli ularni kasalxonaga yotqizish shart bo‘lmagan.
Bemorlar yaqinda xorijga sayohat qilganmi-yo‘qmi, ular COVID-19 ga qarshi emlanganmi-yo‘qmi, xabar qilinmagan.
"Korrespondent.net” xabariga ko‘ra, Slovakiyada ham ilk bor uch nafar fuqaroda "omikron” shtammi aniqlandi.
Slovakiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shtammni yuqtirganlarning barchasi yaqinda Afrikadan shaxsiy transportda qaytib kelgan, Afrikaga safari davomida ular qit’a janubidagi bir nechta davlatlarda bo‘lgan.
Koronavirusga qarshi to‘liq emlangan ushbu sayohatchilarda kasallik yengil kechmoqda. Ular o‘zini yakkalashga o‘tgan, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, koronavirusning yangi "omikron” shtammi birinchi marta 11-noyabr kuni Janubiy Afrikada topilgan. Britaniyalik olimlarning ta’kidlashicha, yangi shtamm tarqalish tezligi tufayli avvalgilariga, jumladan, deltaga qaraganda xavfliroq bo‘lishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mavjud vaksinalar ushbu shtammga qarshi samarasiz bo‘lishi mumkin, degan shubhalar tufayli "omikron”ni xavfli deb tan oldi. Tashkilot, shuningdek, ilgari koronavirusni boshdan o‘tkazganlarda "omikron” bilan qayta kasallanish ehtimoli yuqoriligini ma’lum qildi.