"Tolibon” Tojikiston va Qirg‘izistonni "o‘z muammolarini muloqot orqali hal qilishga va har ikki davlatga foyda keltiradigan mantiqiy yechim izlashga” chaqirdi.
"Tolibon”ning matbuot kotibi Zabexulla Mujohid tomonidan 5-iyun kuni Twitter’da tarqatilgan xabarda, jumladan, shunday deyilgan: "‘Tolibon’ ikki islomiy va qardosh mamlakatlarni o‘z muammolarini muloqot orqali hal etish uchun harakat qilishga chaqiradi”.
"Tolibon”ning Markaziy Osiyodagi ikki mamlakatni o‘zaro kelishmovchiliklarni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga chaqirishi, guruh AQSh bilan tinchlik bitimi imzolaganiga va Afg‘oniston hukumati bilan kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borishga rozi bo‘lganiga qaramay, Afg‘onistonda faollashgan paytiga to‘g‘ri kelmoqda.
Xususan, Afg‘oniston hukumatining mas’ul bo‘limi xabariga ko‘ra AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilishi haqida e’lon qilingandan keyin "Tolibon” "qudratini ko‘rsatib qo‘yish uchun o‘z harakatlarini kuchaytirmoqda”.
Zabexulla Mujohid o‘z xabarida yana shunday yozadi: "Biz urushning zarari borasida juda ko‘p amaliy tajribaga egamiz, boshlanishida u oson ko‘rinishi mumkin, ammo urushning borishi, uning oqibatlari va yo‘qotishlar ancha katta bo‘ladi”.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyi oxirida Qirg‘iziston va Tojikistonning chegaraoldi viloyatlari aholisi o‘rtasidagi ziddiyat ikki mamlakat harbiylarining qurolli to‘qnashuviga aylanib ketgandi. Qirg‘iz-tojik chegarasidagi nizolarda 50 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 300 dan ortiq uylar va infratuzilma obyektlari vayron qilingan, ayrim binolar yonib ketgan. 29-aprel oqshomida tomonlar nizoni to‘xtatish va chegaradan harbiy kuchlarni olib ketish to‘g‘risida kelishib olgan, ammo ertasi kuni yana otishma boshlangan. 30-aprel kuni tushdan keyin navbatdagi sulhga erishildi. 3-may kuni Qirg‘iziston va Tojikiston o‘z harbiy kuchlarini chegara chizig‘idan olib chiqishni yakunladi.
4-iyun kuni Qirg‘iziston Tojikiston chegarasidagi vaziyatning yana keskinlashganini xabar qilindi. Tojikiston vakillari tunda O‘sh viloyati Chon-Olay tumani hududidagi tavsiflanmagan joyda konteyner o‘rnatishni boshlagan hamda Qirg‘iziston hududiga ming metrgacha kirib kelgan. Shuningdek, Qirg‘iziston harbiy vertolyoti mazkur hududga ketayotgan payt Tojikiston chegarasi yaqiniga favqulodda qo‘nib, yonib ketgani haqida xabar berildi.
5-iyun kuni Tojikiston va Qirg‘iziston davlat xavfsizlik qo‘mitalari rahbarlari chegaradan qo‘shinlarni olib ketish haqida kelishib oldi.