Ijtimoiy tarmoqlarda IT Park Rewind 2022 tadbiriga yirik mablag‘ sarflangani e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Telegram’dagi kanalida holatga munosabat birdirdi.
Sherzod Shermatovning yozishicha, jamoaga umuman yordam berganlar, uni yo‘q joydan qoralashga urinayotgani achinarli holdir.
Davlat byudjetidan bir so‘m ham mablag‘ yoki subsidiyalangan kredit olmasdan 2017-yilgacha rasman deyarli yo‘q bo‘lgan (asosan norasmiy ishlangan) IT sohasi bu yil 100 million dollardan ortiq rasmiy eksportga erishishi kutilmoqda.
IT sohasida ish bilan band bo‘lganlarning umumiy soni (rezidentlarda ishlaydiganlar va rasman frilanser bo‘lib ro‘yxatdan o‘tganlar) an’anaviy aloqa sohasidagilarnikidan oshdi. Bu albatta, IT Park jamoasining to‘g‘ri ishlagani sabablidir. Shu vaqtgacha bu jamoaga umuman yordam bermagan odamlar, hozir yo‘q joydan ularni qoralashga harakat qilayotgani achinarli hol.
24-iyul kuni o‘tkazilgan IT Park Rewind tadbirida Birlashgan Arab Amirligi, Germaniya, Hindiston, Rossiya, Belarus davlatlaridan mehmonlar kelib, O‘zbekistonni IT xabga aylantirish va eksportni yanada oshirish bo‘yicha vazifalarni muhokama qilishgandi.
Tadbirdan so‘ng hozirgi kungacha IT Park rezidentlari soni 174 taga oshdi, shundan 56 tasi eksporter. Bu esa yana qo‘shimcha ikki mingdan ortiq ishchi o‘rinlari degani. Kichkina emas, balki to‘rt yuzdan ortiq mehmonlar (soha xodimlari va Astrum o‘quvchilari bilan hisoblasa ming nafarga yaqin) qatnashgan tadbir 819 million so‘mga tushgan ekan. Bu pulga nechta bolani o‘qitsa bo‘ladi, deyishibdi. Inha yoki Amity universitetlarida 1 yil o‘qish 30 million so‘m atrofida bo‘lsa, 4 yilda bir bolaga 120 million so‘m ketadi. Ya’ni bu pulga 7 nafar bolani bakalavrga o‘qitsa bo‘ladi. Uni ham qilish kerak albatta (shuning uchun Inhaga prezidentimiz 100 ta grant ajratib berdilar), lekin bu tadbir ham muhim.
Xullas, yoki IT Park faoliyatiga endi katta-katta kompaniyalar ishonib, O‘zbekistonga autsorsni ko‘paytirib turgan vaqtda unga xalaqit qilmasdan kelgusi katta marra eksportni 1 milliard dollarga olib chiqish ustida birgalikda ishlashimiz kerak, yoki mayda g‘iybat gaplar bilan ularni ham qo‘lini sovutib, O‘zbekistonni IT autsorsing xabiga aylantirish fikridan voz kechishimiz kerak.
Sherzod Shermatov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri