Samarqand viloyati IIB jinoyatchilikning oldini olish, jinoyatlarni issiq izidan ochish va fosh etish, ommaviy tartibsizliklar va boshqa maxsus tadbirlarda foydalanishdagi samaradorligini tahlil qilish, viloyat ichki ishlar organlari tizimida innovatsion texnologiyalarni qo'llash bo'yicha ko'rsatkichlarini oshirish, rivojlangan mamlakatlarning ilg'or tajribalarini amaliyotga joriy etish maqsadida uchuvchisiz boshqariladigan zamonaviy «Dron» texnologiyasidan tajriba tariqasida foydalanishni yo'lga qo'ydi.
Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati Kun.uz’ga ma`lum qildi.
Viloyat IIB drondan asosan qo'yidagi yo'nalishlarda foydalanishni yo'lga qo'ymoqda:
uchuvchisiz boshqariladigan texnologiyadan hodisa sodir bo'lgan joyga tergov-tezkor guruhidan oldin yetib borishi natijasida, jinoyat davom etayotgan ob`yektda qancha jinoyatchi borligi, ularning qay holatda va qayerda turganligi, jinoyatchilar tomonidan kimlarni garovda ushlab turganligi, jinoyatchilar qanaqa qurollar bilan qurollanganligi va boshqa shu kabi tergov-tezkor guruhiga zarur ma`lumotlarni tezkorlikda onlayn rejimida ko'rish imkoniyatini yaratishda;
tog'li va boshqa harakatlanish noqulay hududlarda narkotik vositalar hamda kontrabanda mahsulotlarini olib kirilishini va boshqa shu kabi jinoiy holatlarni aniqlash, zarur ma`lumotlar va dalillarni to'plashda;
«Qoradori» tadbirlarini o'tkazish chog'ida iqtisodiy xarajatlarni kamaytirish, vertolyot va boshqa shu kabi, ko'p sarf-xarajatlar talab qiluvchi qurilmalar o'rniga qo'llab, ish samaradorligini va tejamkorligini oshirishda;
ommaviy tadbirlar, jumladan, turli xil sayillar, ruxsat etilgan va ruxsat etilmagan turli xil namoyishlarni onlayn kuzatib borish, nazorat qilish hamda bu bo'yicha tezkor va aniq qarorlar qabul qilishda;
hududlarda sodir bo'lgan yirik yong'inlarni o'chirishda uchuvchisiz moslama yordamida olingan ma`lumotlarga tayanib, yonayotgan ob`yekt to'g'risida to'liq ma`lumot olish va shu asosida kuch vositalarni to'g'ri taqsimlash, yo'naltirish, o't o'chirish moslamalarini birinchi bo'lib, qayerda ishlatish va boshqa shu kabilarda;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va huquqiy targ'ibot ishlarini ta`sirchanligi va samaradorligini oshirish, zamonaviy ko'rinishda amalga oshirishda;
ichki ishlar organlarining matbuot xizmatlari faoliyatida foydalanishda.
Bundan tashqari, viloyat IIB boshqa yo'nalishlarda ham uchuvchisiz qurilmaning imkoniyatlarini tekshirib ko'rmoqda.