Bir necha kundan buyon Ruminiya shaharlarida norozilik namoyishlari o‘tkazilmoqda. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, yakshanba, 5 fevral kuni yarim million yaholi Ruminiya ko‘chalaridagi mitinglarda ishtirok etgan. Ularning 300 ming nafari Buxarestdagi aksiyalarda qatnashgan. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.
Bu miting 1989 yildan buyon qayd etilgan eng yirik norozilik aksiyasi sifatida tarixda muhrlanib qoladigan bo‘ldi.
Aytish kerakki, Ruminiyada miting 19 yanvar kuni boshlangan edi. Avvaliga aksiyalarda juda kam odam qatnashgan bo‘lsa, yanvar oyi so‘nggi va fevral oyi boshiga kelib Buxarestdagi namoyishchilar soni kuniga 100 mingdan 150 ming nafargacha ko‘tarilib ketdi. Ayrim namoyishchilar politsiya xodimlariga qarata tosh otishgan, binolarga zarar yetkazishgan, tomlarni yoqib yuborishgan. Politsiya ham ularga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gazdan foydalanishga majbur bo‘lgan.
Jahon ekspertlarining fikricha, Ruminiyadagi miting parlament saylovidan so‘ng boshlandi. 2016 yil dekabr oyida o‘tgan saylov yakunlariga ko‘ra, Sotsial-demokratik partiya parlamentda ko‘p ovoz to‘plashga erishdi. Bosh vazir lavozimini esa Sorin Grindyanu egalladi.
Aslida Sotsial-demokratik partiyasi hokimiyat tepasida bo‘lgan, ammo 2015 yil noyabr oyida Buxarestdagi tungi klublardan birida yuzaga kelgan yong‘indan so‘ng iste'fo berishga majbur bo‘lgan. Voqyea sabab o‘shanda 58 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Aniqlanishicha, klub rahbarlari aslida keng qamrovdagi tadbir o‘tkazish uchun ruxsati bo‘lmagan, ammo Sotsial-demokratik partiya vakillari bu noqonuniy harakatga "ko‘z yumishgan” edi.
Voqyeadan so‘ng hukumat nazorati Milliy-liberal partiyaga o‘tgan edi. Partiya vakillarining iqtisod sohasidagi shafqatchizlarcha islohotlari va har bir harakatini Yevropa byurokratiyasi bilan kelishgan holda olib borishi tufayli nufuzi ko‘tarila olmagan. Yakunda esa Sotsial-demokratik partiyasiga imkoniyatni boy berishgan.
Ayni vaqtda Ruminiyada mitinglarda ishtirok etayotgan namoyishchilar nima istashadi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ularga yangi hukumatning jazoga hukm qilingan kishilarni avf etish haqidagi qarori ma'qul kelmayapti. Adliya vaziri Florin Iordache bu qarorni amalga oshirishning ijobiy tarafi sifatida mamlakatdagi qamoqxonalarning to‘lib ketganligini ko‘rsatdi. Yangi qarorga ko‘ra, korrupsion jinoyat tufayli qamoqqa olingan shaxslar ham jazodan ozod etilishi kerak.
Namoyishchilar bunday qaror qabul qilinishiga 2015 yil Buxarest klubida yuz bergan voqyea ham bog‘liq ekanligini aytishmoqda. Sababi klubga Sotsial-demokratik partiyasi vakilarining ham aloqasi bor va bu orqali partiya o‘ziga hamohang kishilarni jazodan ozod etish istagida.
Ruminiyadagi namoyishchilarni mamlakat prezidenti Klaus Yoxannis ham qo‘llab-quvvatladi. U Milliy-liberal partiyasi yetakchisi hisoblanadi. Bosh vazir Sorin Grindyanu bu harakatni "davlat to‘ntarishiga qadam”, deb atadi.
Namoyishchilarni shuningdek, Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunker ham qo‘llab-quvvatladi. U "Korrupsiyaga qarshi kurashni yakunlash emas, kuchaytirish zarur”, deb ta'kidlab o‘tdi.
Ruminiyaning tadbirkorlar ishi vaziri Florian Jianu va hukumat Bosh kotibi Daniyel Shandru iste'foga chiqishdi.
Mamlakatda tin olmayotgan namoyishlar tufayli Bosh vazir adliya vazirligiga siyosiy partiyalar va jamoatchilik bilan qarorning bekor qilinishi borasida ochiq muhokama o‘tkazish haqida buyruq berdi. Ammo endilikda jazoni tugatish haqidagi qarorning bekor qilinishi namoyishchilarni qoniqtirmaydi. Ular hukumatning iste'fosini talab qilishyapti.