Rossiyaga qarshi qo‘llangan sanksiyalar natijasi jahon valyuta zahirasiga bo‘lgan talabni keskin oshirgani sababli, dollar va boshqa valyuta kurslari sezilarli o‘sib bormoqda. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Rossiya markaziy banki va kreditorlarga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar jahon bozorlariga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Treyderlar dollar likvidligini saqlab qolish istagida qo‘lidan kelganini qilishyapti. Shu kunlarda esa Federal zahira tizimining jahon bozoriga aralashishiga to‘g‘ri kelishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqalyapti. Yevrodan boshlab barcha valyuta narxlari, bundan tashqari, Amerika va Yevropa aksiyalari fyucherslari ham pasaymoqda.
Dollar likvidlik va xavfsizlikni ta’minlovchi valyutalar qirolidir, – deydi National Australia bankning valyutalar bo‘yicha bosh mutaxassisi Rodrigo Katril.
Valyutalar qiroli — dollar
Moliyaviy tanglik belgilari dushanba kuni yirik pul bozorlarida yaqqol namoyon bo‘la boshladi. Libor va Fed stavkalari o‘rtasidagi tafovut bir oylik shartnomalar uchun 2020-yil martidan beri eng ko‘p ko‘tarildi. Mart oyidagi yevro-dollar shartnomalari iyun oyidagiga nisbatan pasaydi. Bunday holat moliyalashtirish bosimining klassik belgisidir.
Dollar ko‘tarilishi Credit Suisse Group’ning, bir necha Rossiya banklarini SWIFT tizimidan chiqarib yuborish qarori hisobiga valyuta bozorlariga ta’sir qilishi to‘g‘risida ogohlantirganidan keyin yuz beryapti.
Dollar kursi o‘tgan hafta 0,4 foizga o‘sgan bo‘lsa, bu hafta 0,7 foizga yana oshdi. Jahon obligatsiyalari qayta tiklandi, 10 yillik g‘aznachilik daromadi 7 bazaviy punktga tushib ketdi. Avstraliyaning 10 yillik davlat qarzi rentabelligi 10 bazaviy punktga qisqardi.
City Index bozorining bosh tahlilchisi Metyu Simpsonning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi bitimlar oxir-oqibat keng tarqala boshlagan bo‘lsa-da, rubl fyucherslari 30 foizga tushib ketgan.
SWIFT xavfi
Rossiya banki chet el valyutasi zahiralarida 640 mlrd dollardan ziyod mablag‘ga ega bo‘lib, Bloomberg Economics ma’lumotlariga ko‘ra, ularning katta qismi xorijda saqlanadi. Favqulodda qandaydir vaziyat yuz bergan taqdirda esa, Rossiya banki oltin va yuan aktivlaridan tashqari bor budini yoq’otishi mumkin.
Rossiyani SWIFT’dan chiqarib yuborish uni butun dunyoda ajratib qo‘yadi va iqtisodiyotiga katta zarar yetkazadi, — deydi Prestige Economics prezidenti Jeyson Shenker.
SWIFT’dan butun dunyo bo‘ylab 3 trln dollarlik tranzaksiyalar uchun foydalaniladi.
Bosqinning dastlabki oqibatlari og‘irligi Yevropa zimmasiga tushadi: elektr energiyasi uchun yuqori narxlar iste’molchilarga zarar yetkazadi, sanksiyalar darajasi esa Yevropa o‘sish ko‘rsatkichlariga bosim o‘tkazib, AQShning kelajak iqtisodiyotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, — deydi Clearbridge Investments bosh investitsiya rahbari Skott Glasser va investitsiyalar bo‘yicha mutaxassis Jeff Shultse.
Avvalroq Rossiya banklarining SWIFT’dan uzilishi O‘zbekistonga qanday ta’sir qilishi haqida xabar berilgan edi.