Ushbu go‘zallik salonining ilk mijozlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Lola Eltoyeva, Ziyoda Qubulova, xonanda Farrux Ahmedov bo‘lishdi.
Shou-biznes bugungi kun xonandasi yoki aktyoridan nafaqat sahnadagi iqte'dodni, balki tadbirkorlik qobiliyatini ham talab qilyapti. Shu sababmi yo ertani o‘ylabmi san'atkorlar orasida qo‘liga sarmoya tushganda, biror biznesni boshlab qo‘yish allaqachon urfga kirdi. Bundan avval aktrisa Zarina Nizomiddinova, xonandalar Manzura va Lola Yo‘ldosheva shaxsiy bizneslarini tashkil qilishgan edi. Afsuski, bu ayollar tadbirkorlikda no‘noq chiqib, faoliyat uzoqqa bormadi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mavluda Asalxo‘jayeva ham restoran ochgan edi. Eshitishimizcha, bugun xonandaning oshig‘i olchi. Xonanda Munisa Rizayeva ochgan liboslar do‘koni ham ancha tilga tushib qoldi.
Kuni kecha O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra'no Yarasheva va qizi Madina Mumtozga tegishli "Nur Ra'no” nomli ikki go‘zallik saloni ish boshladi. Ma'lumotlarga qaraganda, Ra'no Yarashevaning go‘zallik saloni avval ham faoliyat yuritgan. Aktrisa ancha uringan, ohori ketib, ko‘rinishi eskirgan go‘zallik saloni butkul yangi holatga keltirilganini aytdi. Ushbu go‘zallik salonining ilk mijozlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Lola Eltoyeva, Ziyoda Qubulova, xonanda Farrux Ahmedov bo‘lishdi.
Madina Mumtoz go‘zallik saloni ochilishini o‘tkazgach, bugun turmush o‘rtog‘i bilan sayohat uchun Istanbul shahriga jo‘nab ketayotganini ma'lum qildi. Safardan bir qator ijodiy yangiliklar bilan qaytishni rejalashtirayotgan xonanda tez orada Ozarbayjonlik qo‘shiqchi Ahmed Mustafoyev bilan kuylagan duetini taqdim etish niyatida ekanini ma'lum qildi.