O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018 yil 14 iyundagi buyrug`iga asosan, "Piyodalar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar bo`yicha elektron shakldagi ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirish va ma`muriy ish yuritish tartibi to`g`risida”gi yo`riqnoma ishlab chiqildi. Yo`riqnoma O`zbekiston Respublikasining "Yo`l harakati xavfsizligi to`g`risida”gi qonuni, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq, piyodalar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar bo`yicha elektron shakldagi ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirish va ma`muriy ish yuritish tartibini belgilaydi, deb xabar bermoqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.
Piyodalar huquqbuzarlik sodir etgani uchun rasmiylashtiriladigan elektron shakldagi bayonnomalar tartibi haqida so`z yuritadigan bo`lsak, YPX xodimi fuqaroni maxsus moslama yordamida suratga oladi. Bu fotosuratda piyoda tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlikning vaqti, joyi aks etgan bo`ladi, u mazkur qoidabuzarlikni tasdiqlovchi dalil hisoblanadi.
Shundan so`ng xodim qoidani buzgan fuqaroga o`z lavozimi, unvoni, familiyasini tanishtiradi va uning talabiga ko`ra xizmat guvohnomasini ko`rsatadi hamda nima sababdan piyodani to`xtatganligini izohlab, u tomonidan yo`l qo`yilgan huquqbuzarlik xususida tushuncha beradi.
Suhbat davomida yo`l-patrul xizmati xodimi piyodadan uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, ya`ni fuqarolik pasporti, haydovchilik guvohnomasi, harbiy bilet va hokazolardan birini so`raydi. Agar piyodada ularning hech biri bo`lmasa, xodim uni o`zi haqida to`g`ri ma`lumot berishini, mabodo noto`g`ri ma`lumot taqdim etsa, shaxsini aniqlashtirish uchun tegishli hududiy ichki ishlar organiga olib borilishi haqida ogohlantirib, og`zaki tarzda u haqdagi ma`lumotlarni so`rab, maxsus moslamaga kiritadi.
Ushbu tizim zamon talabiga to`liq mos bo`lib, maxsus moslamaga kiritilgan fuqaro haqidagi ma`lumotlar "onlayn" tarzda Ichki ishlar vazirligining Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi ma`lumotlar bazasi orqali tekshiriladi.
O`z navbatida, elektron bayonnomani rasmiylashtirishda fuqaro haqida qanday ma`lumotlar kiritilishi va aynan qanday holatlar qoidabuzarlik hisoblanishiga to`xtalib o`tsak. Piyodalar yo`l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo`ysunmasligi, harakat ruxsat etilmagan joylardan kesib o`tish, piyodalar yo`lagida telefondan foydalanish, kitob yoki davriy nashrlarni o`qish, video materiallarni tomosha qilish va audio fayllarni eshitish, shuningdek, e`tiborni chalg`itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanish qoidabuzarlik hisoblanadi. Shuningdek, moped va velosiped haydovchilarining, ulovli aravani boshqarib boruvchi va yo`ldan foydalanuvchi boshqa shaxslarning yo`l harakatini tartibga soluvchi signallariga bo`ysunmaslik, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko`rsatma beruvchi yo`l belgilari talablariga rioya etmaslik hamda har xil xizmat ko`rsatish maqsadida yo`lning qatnov qismida fuqarolarning turishi, yo`llarga ajratilgan hududlarda chorva mollarini boqishi huquqbuzarlikning yana bir ko`rinishidir.
Agar yuqorida qayd etilgan harakatlardan biri sodir etiladigan bo`lsa, xodim tomonidan piyoda nomiga elektron bayonnoma rasmiylashtiriladi va unga piyodaning shaxsiy ma`lumoti, huquqbuzarlik sodir etilgan joyning aniq tafsiloti kiritiladi. Moslamada esa avtomatik tarzda yo`l qo`yilgan qoidabuzarlik qayd etilgan vaqt, bayonnomani rasmiylashtirgan xodim haqidagi ma`lumot hamda huquqbuzarlikka nisbatan belgilanadigan ma`muriy jazo turini nazarda tutuvchi qonun hujjatidan havola paydo bo`ladi.
Rasmiylashtirilgan bayonnoma bilan fuqaro tanishtirib chiqilgach, agar unda hech qanday e`tiroz bo`lmasa, u bu haqda maxsus moslamaning belgilangan joyiga bosh barmog`ini bosish orqali tasdiq qo`yadi. So`ng holatga nisbatan shakllangan jarima qog`ozi hujjat ko`rinishida piyodaning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga yoki uch ish kunida pochta orqali doimiy yashash manziliga jo`natiladi hamda tegishli tarzda jarima to`lovi amalga oshirilishi nazorat qilinadi. O`z vaqtida undirilgan jarima «billing» tizimi orqali avtomatlashtirilgan tarzda nazoratdan olinadi.
Agar piyodaning o`zi tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik fakti bo`yicha e`tirozi mavjud bo`lsa, u holda tuzilgan elektron shakldagi bayonnoma taalluqliligi bo`yicha ko`rib chiqish uchun tegishli tarzda ma`muriy sudga yuboriladi.