26 dekabr kuni Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida rejissyor Bahrom YOqubovning "Qochqin yoxud ko‘chaning bolasi” filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi. Filmning taqdimot marosimini O‘zbekiston xalq artisti Lutfulla Sa'dullayev va aktrisa Luiza Rasulova olib bordi. Taqdimot marosimida Lutfulla Sa'dullayev Bahrom YOqubov suratga olgan barcha filmlarning taqdimot marosimini olib borganini, uning ijodini hurmat qilishini aytib o‘tdi. Biroq film ijodkorlari sahnaga taklif qilinganda, ular orasida rejissyor Bahrom YOqubov ko‘rinmadi. Sahnadagi boshlovchilar esa film rejissyori Elizaveta Karali deb e'lon qilishdi. Qiziq, bunday ko‘zbo‘yamachilikdan maqsad nima?
Filmda rollarni O‘zbekiston xalq artistlari Yayra Abdullayeva, Mirza Azizov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Jumadulla Rametov, Saida Rametova, Uchqun Tillayev, Behzod Muhammadkarimov, aktyorlar Alisher Usmonov, Shahzoda Muhammedova ijro etishgan.
Kinofilmning umumiy mazmuniga kelsak, unda birovlarni chuv tushirib, odamlarning mol-mulkini zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zlashtirib yurgan yosh yigitning oxir-oqibat barcha kirdikorlari fosh bo‘lishi, nafsining quliga aylanib qolishning oqibatlari haqida so‘z boradi. Film voqyealariga ko‘ra oddiy taksi haydovchisi bo‘lgan yigit tasodif sabab katta tadbirkorning haydovchisi bo‘lib ishga joylashadi. So‘ng rieltorlik firmasini ochib, zo‘ravonlik bilan tadbirkorlarning mol-mulkini – do‘kon, restoran, korxonalarini arzon narxlarga sotib olib, mo‘may pulga sotadi.
Filmdagi voqyealar shu qadar sayoz va ishonarsizligidan tomoshabinlar biroz zerikib qolganiga guvoh bo‘ldik. Taksi haydovchisi bo‘lib ishlaydigan yigit otasi ham bir vaqtlar taksi haydab ro‘zg‘or tebratganidan or qiladi, ukasini suz havzasiga, ingliz tili to‘garagiga olib boradi. O‘zi va otasining taqdirini ukasining hayotida takrorlanmasligini istaydi. Biroq bu voqyealar filmda shu qadar sayoz tasvirlanganki... Men pul topib kelyapman degandek o‘g‘ilning ota-onasini behurmat qilishi, ularning gapini sariq chaqaga olmasligini ko‘rsatish orqali ijodiy jamoa nima demoqchi? Film bosh qahramoni shu qadar ideal qahramon sifatida ko‘rsatilganki uning egri ishlaridan qanday xulosa chiqarishni bilmay qolasan kishi. Go‘yoki ishbilarmon bo‘lish uchun egri yo‘llardan foydalanish, qonunni chetlab o‘tish, ota-onani mensimaslik kerakdek. To‘g‘ri yo‘l bilan mol-davlat orttirgan odamlar esa film bosh qahramoni aytganidek "ahmoqlar”mi?
Go‘yo filmda asosiy e'tibor diologlardagi "aqlli gaplar”ga qaratilgandek. Bosh qahramon filmning boshidan to oxirigacha aforizm aytish bilan ovvora. Koshki bugungi tomoshabin real hayotdan yiroq uchirma-qochirmalarga ishonsa, uni quruq gap bilan tarbiyalab bo‘lsa. Taksi haydovchisi bo‘lgan bu yigitdan zo‘rma-zo‘raki faylasuf yasashning sababi nima? Huquq-tartibot organlari xodimlarining "qo‘g‘irchoq” qilib ko‘rsatilishining sababachi? Stsenariy muallifi va rejissyor filmning shu jihatlariga nega e'tibor qaratmaganiga hayronsan kishi.
Postanovkachi rejissyor, rassom, chiroq ustasi, tasvirchi, montaj ustasi, pardozchining ishida kam yetarli, hatto keragidan ortiq kamchiliklar bor.
Filmga o‘z ishining ustalari bo‘lgan tajribali aktyorlar taklif qilingan-u ularning gardaniga arzirli vazifa yuklanmagan. Rejissyor asosiy e'tiborni yosh aktyorlarga emas, balki Saida Rametova, Mirza Azizov, Jumadulla Rametov kabi professional aktyorlarga qaratganda maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Filmda xato va kamchiliklar talaygina. Stsenariydagi kamchiliklar xuddi kadrga ko‘chgandek ko‘tarilgan mavzu jo‘n va tushanarsiz, ob'yektning aniq emas, xulosa va yechimning yo‘q.
Film ijodkorlari yuqoridagi fikrlarimizdan to‘g‘ri xulosa chiqarib, kelgusi filmda bu kamchiliklarning oldini olishsa nur ustiga a'lo nur bo‘lardi.