Toshkent shahridagi "Qo‘yliq” dehqon bozori va unga tutash ulgurji savdo maydoni boshqa manzilga ko‘chirilishidan nozori bo‘lib, yo‘lni to‘sib qo‘ygan besh nafar shaxsga chora ko‘rildi. Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati bu ma’lumotni "Daryo”ga tasdiqladi.
Poytaxt IIBB bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bozor buzilishiga qarshi namoyishda ishtirok etgan besh nafar shaxsga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) va 201-moddasi (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish)ga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Ularga nisbatan 5 va 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, 7-dekabr kuni Qo‘yliqda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish maqsadida ushbu hududda yo‘l kengayishi va ko‘prik qurilishi ishlari rejalashtirilgani va shu sababli Toshkentdagi eng yirik bozorlardan biri boshqa manzilga ko‘chirilishi xabar qilingandi.
9-dekabr kuni esa bozor buzilishidan norozi odamlar katta avtoyo‘lni to‘sib, jonli devor hosil qilgani aks etgan videolavha tarqaldi. "Daryo” vaziyat yuzasidan izoh olish maqsadida Toshkent shahar hokimligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatiga murojaat qilgandi. Hokimlik matbuot xizmati so‘rovlarga javob bermagan bo‘lsa, huquq-tartibot organlari vakillari vaziyat bo‘yicha ish olib borilayotganini, yaqin vaqt ichida rasmiy izoh berilishini ma’lum qilgandi.
Keyinroq "Qo‘yliq” bozori Qo‘yliqdan 6,5 kilometr uzoqlikda, Toshkent viloyatida joylashgan Food City savdo majmuasiga ko‘chirilishi haqida xabarlar tarqaldi. Qayd etilishicha, bozorini ko‘chirish to‘g‘risidagi qaror 2017-yilda qabul qilingan.