23 noyabr kuni Bishkekda konstitutsiyaviy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat nomini «Qirg‘iz respublikasi» yoki «Qirg‘iz xalq respublikasi» deb o‘zgartirish taklif etildi.
Kloop.kg nashrining xabar berishicha, mamlakat nomini o‘zgartirishni sobiq Adliya vaziri Marat Kayipov taklif qilgan.
«Mamlakatimiz nomi rus tiliga «Qirg‘izlar Respublikasi» (Kyrgyzskaya Respublika) deb tarjima qilinadi. Aslida esa «Qirg‘iz respublikasi» (Respublika Kyrgyz) deb to‘g‘ri yozish kerak, «Qirg‘izlar Respublikasi» atamasi bu mamlakatda faqat qirg‘izlar yashaydi degan ma'noni anglatadi. «Qirg‘iz Respublikasi» deyilganda esa ko‘plab xalqlar birlashib yashayotgan mamlakat ekanligini aniq ko‘rsatib beradi», – degan u.
Kengash a'zosi, «Qirg‘iz yo‘li» ma'rifiy jamiyat birlashmasi raisi Qodir Koshaliyev esa boshqa variantni ilgari suradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi konstitutsiya loyihasida «xalq qurultoyi» tushunchasi kiritilayotganligi sababli, mamlakat nomida «xalq respublikasi» atamasi, albatta, bo‘lishi kerak.
«Biz birinchi marta xalq qurultoyi institutini konstitutsiyaga rasmiy ravishda kiritmoqdamiz. Xalq hokimiyati va davlat tuzilmasi nima ekanligi haqida tushuncha mavjud. Bugun xalq davlat tuzilmasini qamrab oldi. Hech bir mamlakatda xalq hokimiyati yo‘q. Bizda ham hokimiyat oligarxlar qo‘lida. Biz xalq xohishidan o‘rinli foydalanishimiz zarur. Barcha yuqori lavozimga tayinlanadigan shaxslar xalq qurultoyida tasdiqdan o‘tishi kerak. Ana shunda biz korrupsiyani minimal darajaga tushiramiz va mansabdor shaxslar yanada mas'uliyatli bo‘lishadi», – degan Koshaliyev.
Bundan tashqari, Qirg‘iziston Jogorku Keneshining sobiq deputati va Sadir Japarovning yaqin hamkori Noomanjan Arkabayev konstitutsiyadan «dunyoviy davlat» tushunchasini olib tashlashni taklif qilgan.
«Bir guruh diniy ulamolar meni uchrashuvga taklif qilishdi va konstitutsiyadan «dunyoviy davlat» so‘zlarini olib tashlanishi kerakligini sizga yetkazishimni iltimos qilishdi. Ushbu so‘zlarni konstitutsiyadan butunlay olib tashlash noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Men «dunyoviy davlat» so‘zlari o‘rniga «ilg‘or ilm-fan va madaniyatga asoslangan davlat» deb yozishni taklif etaman», – degan Noomanjan Arkabayev.
Sobiq deputatning taklifiga Din ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Zayirbek Ergeshov qarshi chiqqan. U Markaziy Osiyo mamlakatlari va barcha turkiy davlatlar konstitutsiyalarida «dunyoviy davlat» so‘zlari borligini ta'kidlagan.
«Kecha men Turkiya, Turkmaniston, Ozarboyjon, Tatariston, O‘zbekiston, Boshqirdiston, Qozog‘iston va Tojikiston konstitutsiyalarini ko‘rib chiqdim. Ularning barchasida «dunyoviy davlat» so‘zlari bor. Agar konstitutsiyadan «dunyoviy davlat» so‘zlarini olib tashlasangiz, u holda fuqarolarning din tanlash erkinligi bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi», – degan Ergeshov.
Qirg‘iziston konstitutsiyasini isloh qilish tashabbusi mamlakat Jogorku Keneshining 80 deputati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Ular asosiy qonunga Qirg‘izistonni prezidentlik boshqaruv shakliga qaytarish, yangi maslahat kengashi – xalq qurultoyini joriy etish, shuningdek, mamlakatdagi OAVga axloq doirasidan chiqadigan materiallarni chop etishni taqiqlash haqidagi bandlarni kiritishni taklif etishgan.
Bundan tashqari, konstitutsiyaviy kengash yig‘ilishida ushbu kengashga yangi konstitutsiya qabul qilishni tanqid qilayotganlarni ham qo‘shish, o‘lim jazosini qayta joriy qilish kabi masalalar ham muhokama qilingan.