Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida yashovchi 51 yoshli erkak nikohsiz ikkinchi xotinining 15 yoshli o‘g‘li tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. Bu haqda viloyat IIB boshlig‘i Shuhrat Sotvoldiyev rahbarligida Dehqonobod tumanida bo‘lib o‘tgan jinoyat muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar berdi "Daryo” muxbiri.
Ma’lum qilinishicha, voqea 2021-yilning 10-dekabr kuni soat 23:55 da sodir bo‘lgan. Tumanning Dehqonobod shaharchasida yashovchi fuqaro T.B. (1970-yilda tug‘ilgan) 10-dekabr kuni ikkinchi xotini N.X. bilan kafeda o‘tirib, spirtli ichimlik ichgan. Soat 22:00 dan o‘tganidan so‘ng er-xotin kafedan chiqib, pivo sotuvchi barga kirgan. Pivo ichish davomida er-xotin o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan.
Janjal N.X.ning "Zavqiy” mahallasidagi uyida ham davom etgan. Xonadon oshxonasidan pichoq olib chiqqan mast erkak ayoliga pichoq o‘qtalib, uni o‘ldirmoqchiligini aytgan. Ayolning voqeani kuzatib turgan 15 yoshli o‘g‘li, 9-sinf o‘quvchisi Sh.J. onasiga yordam berish maqsadida mast erkak qo‘lidagi pichoqni olib qo‘ymoqchi bo‘lgan. Shunda mast erkak va bola o‘rtasida janjal kelib chiqqan.
Qayd etilishicha, onasi va o‘zini himoya qilishga uringan bola T.B.ni pichoq bilan yaralab, uning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Dehqonobod tuman prokuraturasi tomonidan 15 yoshli bolaga nisbatan Jinoyat kodeksining 100-moddasi (zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jinoyat protssessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Avvalroq Toshkentda 17 yoshli maktab o‘quvchisi o‘z otasini pichoqlab o‘ldirgani, Toshkentda 14 yoshli bola u bilan salomlashmagan 22 yoshli yigitni pichoqlagani, Qoraqalpog‘istonda mast holdagi 57 yoshli erkak xotini va 18 yoshli qizini o‘ldirib qo‘ygani xabar qilingan.