Eron parlamenti spikeri Muhammad Qolibaf hukumat Yevropa Ittifoqi davlatlarining barcha armiyasini terrorchi tashkilot deb e’lon qilishini aytdi. Bu haqda IRNA xabar berdi.
Bunga Yevropa Ittifoqining Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini (IIQK) terrorchi guruh deb belgilash qarori sabab bo‘lgan. Eron mazkur qarorni Isroil ilgari surganini qayd etmoqda. Kalibaf Eron parlamentining navbatdagi sessiyasi ochilishi chog‘ida shunday bayonot bergan. U Yevroparlamentning IIQKni terrorchi deb e’lon qilish qarori Isroilning buyrug‘i bilan qabul qilingani va bu Yevropaning jiddiy xatosi ekanini aytgan.
Eronlik siyosatchi IIQK terrorizmga qarshi urushda, jumladan "AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan IShIDni yo‘q qilish”da g‘alaba qozonganini aytgan. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi allaqachon Eronga qarshi terrorchilik kampaniyasini boshlab yuborgan va u ommaviy axborot vositalari orqali olib borilmoqda.
18-yanvar, chorshanba kuni Yevroparlament Yevropa Ittifoqini IIQKni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritishga chaqirdi. Yevropada qo‘riqchilar korpusi Erondagi norozilik namoyishlarini bostirishda va Ukrainaga qarshi urushda rus armiyasiga dronlar yetkazib berishda ayblangan.
Eron parlamenti Yevropa Ittifoqi mamlakatlari armiyalarini terrorchi tashkilot deb tan olishi haqida Eron parlamenti prezidiumi a’zosi Ahmad Nodiriy ham ma’lum qilgan.
Eron parlamenti allaqachon qonunga o‘zgartirish loyihasini tayyorlab qo‘ygan, u AQSH IIQKni terrorchi tashkilot deb e’lon qilgani munosabati bilan ko‘rilgan choralarga taalluqlidir va bu loyiha Yevropa Ittifoqi davlatlarining barcha qurolli kuchlariga tegishli bo‘ladi.
19-yanvar kuni Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Abdullohiyan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Josep Borrel bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida Yevropani IIQКni terrorchi deb tan olish qarori "o‘z oyog‘iga o‘q uzish” bo‘lishidan ogohlantirgan. Eron tashqi ishlar vaziri IIQK Eron xavfsizligini ta’minlovchi rasmiy tashkilotligini qayd etgan.