
Barchamizga
tanish vaziyat: oylik oshirildi, qarzlar to‘landi, uy ta'mirdan
chiqarildi, texnikalar xarid qilindi va nihoyat, endi oylik barcha
narsaga yetishi kerak. Biroq oy oxiriga kelib, yoki maoshga bir hafta
qolganda azaliy «pul talvasasi» boshlanadi: pul juda kam qolganligi
uchun hamma narsadan iqtisod qilishga to‘g‘ri keladi.
Shu zahoti
ish joyingizni boshqa, ko‘proq haq to‘lanadigan ishga almashtirish
xohishi paydo bo‘ladi. Aslida, ko‘p holatlarda hamma gap ishingizda
emas, balki rejalashtirish ko‘nikmasining yo‘qligida bo‘lib chiqadi.
"Daryo” nashri, "Oylikka yashab, hamma narsaga yetkazishning iloji bormi?” degan savolga javob topishga harakat qildi.
1-qoida.
Asosiy
xarajatlarni oylik olgan kun, hech bo‘lmaganda ertasi kuni amalga
oshiring. Nimalarga eng ko‘p pul sarflaysiz? Barcha zarur narsalar
ro‘yxatini ularning taxminiy narxi bilan yozib chiqing.
Masalan:
Bozor (tez buzilmaydigan mahsulotlar) — 200—300 ming so‘m;
kommunal xizmatlar — 50—100 ming so‘m;
mobil aloqa va internet — 100—200 ming so‘m;
dori vositalari va shaxsiy gigiyena vositalari — 30—60 ming so‘m.
(narxlar taxminiy keltirilgan hamda daromad va ehtiyojlar darajasiga bog‘liq)
2-qoida.
Do‘konga
chiqishdan avval ro‘yxat tuzib oling. Bu orqali siz o‘ylamay
qilinadigan xarajatlardan o‘zingizni saqlaysiz. Aksiyalarga uncha
qiziqmang, kamdan-kam hollarda ular haqiqatda foydali bo‘ladi.
3-qoida.
Bozor.
Oxirgi vaqtlarda bozor va do‘konlardagi narxlar deyarli bir xil
bo‘lishiga qaramasdan, yilning issiq kunlarida xarid uchun bozorga
tushishni tavsiya etamiz. U yerda tatib ko‘rish va savdolashish mumkin.
Dori vositalari, kiyim-kechak va maishiy texnikani esa ulgurji
bozorlardan xarid qilish ancha foyda keltiradi.
4-qoida.
Aqchadon
(kopilka) yuriting — bu oddiy konvert bo‘lishi ham mumkin. Unga har
ehtimolga qarshi daromadingizning 10—15 foizini solib qo‘yasiz. Agar
undagi pullarni yil oxirigacha sarflamasangiz o‘zingiz uchun kerakli
biror qimmatroq buyum xarid qilishingiz yoki garderobingizni yangilab
olishingiz mumkin.
5-qoida.
Eng muhimi! Pullarni behuda
sarflamang! Irodangizni chiniqtiring va smartfoningiz uchun o‘ninchi
g‘ilofni xarid qilishga shoshilmang.
Unutmang, hayotimizdagi eng
yaxshi narsalar aslida bepul. Do‘stlar bilan tabiat qo‘yniga yoki tog‘ga
sayohat (ba'zi xarajatlarni talab etsa-da) navbatdagi qimmatbaho
krossovkalardan ko‘proq yorqin hodisaga aylanadi.
Buyumlar ulardan foydalanish uchun, insonlar esa sevilish uchun yaratilgan. Aksi emas. Shuni unutmang!