Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan 3 soat-u 11 daqiqa davom etgan matbuot anjumanida turli-tuman mavzularga oid masalalar muhokama qilindi. Dastlab Putin ishtirokchilarni Rossiya Federatsiyasining 2015 yil yakunlari haqidagi hisoboti bilan tanishtirdi. Unga ko‘ra, Rossiyaning 2015 yilgi YAIM defitsiti 2,8-2,9 foizga teng bo‘lishi kutilmoqda. Savdo balansida ijobiy saldo saqlanib qolmoqda. Mamlakatning tashqi qarzi 2014 yilga nisbatan 13 foizga pasaydi. Joriy iqtisodiy vaziyat va neft sanoati sohasidan kelib chiqsak, bu ancha ijobiy ko‘rsatkich. Bungacha neftning o‘rtacha narxi bir barrel uchun 100 AQSH dollarini tashkil etgan. Qora oltinning narxi 2014 yil boshidan boshlab ikki martaga, 38 AQSH dollariga pasaydi, deydi Putin.
Garchi Rossiya Prezidenti kelajakka nisbatan umid va ishonch bilan qarayotgan bo‘lsa-da, Rossiyaning ahvoli yaqin kelajakda yanada og‘irlashishi mumkin. Rossiya iqtisodiyotining tabiiy xom-ashyo sohasiga har tomonlama bog‘langanligidan kelib chiqsak, neftning narxi tushib ketishi mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarba berishi mumkin.
Iqtisodiy masalalar matbuot anjumanining dastlabki qismlarida muhokama qilingan bo‘lsa, siyosiy mavzudagi savollar o‘zini uzoq kuttirmadi. Savollardan birining Rossiya-Turkiya aloqalariga tegishli bo‘lishiga hech kimning shubhasi yo‘q edi. Ushbu mavzu doirasida yangragan murojaatga javob berar ekan, Putin Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning yana o‘z holiga qaytishiga umidsizlik bilan qaradi. Lekin munosabatlarni tiklashning yo‘li bor: "Agar Turkiya qilgan ishi uchun uzr so‘rasa, aybdorlarni jazolasa va keltirilgan zararlarni qoplasa bunga erishish mumkin” – deydi davlat rahbari. Turkiyaning bunday taklifga hech qachon rozi bo‘lmasligi esa kundek ravshan.
Qolaversa, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning yomonlashuvi Rossiyadagi turkiy xalqlarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, Tatariston Respublikasidan tashrif buyurgan jurnalist ushbu vaziyatga alohida urg‘u berdi. Lekin Putin madaniy aloqalarga zarar yetkazmaslikka harakat qilishini ta'kidladi.
Haqiqatan ham, Rossiyada yashovchi ko‘pgina millatlar turklar bilan yaqin munosabatlarga ega. Tatariston, Boshqirdiston, Checheniston va Shimoliy Kavkazning boshqa Respublikalari Turkiya bilan alohida iqtisodiy va madaniy aloqalarga ega edi.
Tataristondan OAV vakillari tomonidan ko‘tarilgan yana bir mavzu 2016 yilning 1 yanvaridan Respublikada Prezident lavozimining bekor qilinishi bo‘ldi. "Tatariston Respublikasi Prezidenti” qaysi so‘zlarga almashtirilishi hamma uchun qiziq. Putinga yuzlangan jurnalistning fikricha mazkur qaror tatar xalqining haq-huquqlariga zarar yetkazishi mumkin. Bu minbardagi rahbar uchun noqulay savollardan biri bo‘ldi. Lekin ko‘pchilik bu savolning izohini unchalik tushuna olmadi. Aytish lozimki, 2011 yilda Checheniston Respublikasi Prezidenti lavozimi ham "Checheniston Respublikasi davlat rahbari”ga almashtirilgan edi. Tataristonda ham xuddi shunday o‘zgarishlar ro‘y bersa ajab emas.
Anjuman davomida Suriya va Bashar Asad dolzarb mavzulardan biri bo‘ldi. Putin xalqaro hamjamiyatni Suriyadagi terrorchilarga qarshi kurashga chaqirdi. Asadning taqdiri terrorizm muammosini hal qilmasligini aytib o‘tdi. Shuningdek, Putin Asadning taqdiri Suriya xalqi tomonidan belgilanishi lozimligini uqtirdi.
Suriya mavzusi davom etar ekan, Rossiyaning Suriyadagi harbiy harakatlari haqida ham savollar yangradi. Asosiy urg‘u esa ushbu harakatlarga sarflanayotgan mablag‘lar haqida bo‘ldi. Putinning ta'kidlashicha, ushbu "operatsiya” katta xarajatlarga sabab bo‘lmayapti. Prezident Rossiyada olib boriladigan harbiy o‘quv mashg‘ulotlarining ko‘lamini qisqartirish evaziga, Suriyadagi harbiy harakatlar qo‘llab-quvvatlanayotganini so‘zlab o‘tdi.
Keyingi savollar Rossiyaning qo‘shni davlatlar bilan hamkorligi haqida bo‘ldi. Ayniqsa, Ukraina va Gruziya masalalari bo‘yicha bir qancha jiddiy savollar o‘rtaga tashlandi. Vladimir Putin Ukraina va Gruziya bilan so‘ngi yillardagi munosabatlarga e'tiborini qaratar ekan, o‘z mulohazalari so‘ngida ushbu davlatlar bilan kelajakdagi aloqalarni iloji boricha yaxshilashga va'da berdi.
AQSHdagi bo‘lajak saylovlar mavzusi ham anjumanning diqqat markazida bo‘ldi. Prezident Rossiya AQSH bilan har doim hamkorlik olib borishga, hatto nozik masalalarda ham muomalaga kirishishga tayyor ekanini ma'lum qildi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, AQSHda hokimiyat tepasiga kim kelishidan qat'i nazar, Rossiya muloqot uchun doim ochiq.
Anjumanning qolgan qismida bir-biridan muhim bo‘lgan mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy sohalariga aloqador masalalar haqida suhbatlar bo‘lib o‘tdi.
Shuning bilan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning navbatdagi matbuot anjumani nihoyasiga yetdi.