
Oilada onaning vafot etishi bilan erkak 2 qizini molxonaga zanjirband qilgan. Ularning biri vafot etgan.
Ozarbayjondagi tumanlardan birida yashovchi fuqaro o‘z qizini mollar uchun ishlatiladigan temir zanjirga solib, 8 yil davomida molxonada saqlab kelgan. Bu haqda Ozarbayjondagi "Hazar” mahalliy telekanali xabar qilgan.
Parvona ismli qizni otasi "aqlini yo‘qotgani” uchun ana shu holatda saqlashga majbur bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Parvona juda agressiv bo‘lgan, uy derazalarini, oshxona anjomlari va idish-tovoqlarning barchasini sindirib tashlagan.
Ma'lum bo‘lishicha, qizaloqning oyoqlari ishlamaydi. Parvonaning otasi qizini juda qattiq kaltaklardi, degan gap-so‘zlardan kelib chiqib, telekanal jurnalisti uning otasidan bu haqda so‘raganida ota, "Bu sovuqdan”, deb javob bergan.
"U xuddi boshqalar kabi edi. Maktabga borardi, yaxshi o‘qirdi... Men uni urmaganman. Molxonada u anchadan beri o‘tiradi. Biz uning yoniga isitish pechini ham qo‘yganmiz, ammo shu holda qancha o‘tirish mumkin? Axir u tashqariga chiqmasa? Men qizimni vaqtim bo‘lganida tashqariga, aylantirgani olib chiqaman. Lekin buni doim qilolmayman, chunki ishda bo‘laman. Men uning yoniga qishda pech qo‘ya olmayman, chunki qizim o‘zini boshqara olmaydi. Buning oqibatida esa yong‘in chiqishi mumkin”.
Parvonaning otasi uni Bakuga, davolanish uchun jo‘natmagan. U qiziga biror davo chorasi kor qilishiga shubha qiladi. Tuman ijroiya komissiyasi ushbu oilaga Parvonani maxsus bolalar uyiga topshirishni maslahat bergan, ammo oila bu taklifni rad etgan.
"Musaffo olam” jamoat birlashmasi boshlig‘i Mehribon Zeynalovaning so‘zlariga ko‘ra, Parvonaning singlisi ham bo‘lgan. Onalarining o‘limidan so‘n, oila boshlig‘i har ikki qizini ana shu molxonada saqlagan. Parvonaning singlisi yurak kasalligi bilan vafot etgan. Parvona bir necha kun avval, o‘lgan singlisining murdasi oldida o‘tiravergan. Jasadni esa hech kim u yerdan olib chiqib ketishga shoshilmagan. Zeynalovaga bu haqda Parvonaning uyida jurnalistik surishtiruv olib borgan jurnalist aytib bergan.
"Men bu voqyea qanday bo‘lganini bilmayman, shu sababli hech kimni ayblamoqchi emasman. Biroq bu hodisa haqida hech kim bilmagan bo‘lishi mumkinmi? Uchastka nozirlari, maktab, qarindoshlar... Hozircha bu dahshatli voqyea haqidagi barcha ma'lumotlar oshkor qilingani yo‘q. Aytish mumkinki, bu bolalarga nisbatan kuch va zo‘rlik ishlatish, ularni tahqirlashdir”, deydi qonun himoyachisi.
Hozirda ayni ish yuzasidan surshtiruv ishlari boshlangan.