
Ko‘pchilik dugonalarim hayotimga havas qilib, qanday tanishganimizni so‘rab-surishtirsa, ochig‘ini aytmayman, chunki ular tasavvuridagi sevgimizning qadri tushib ketadigandek tuyuladi. Biz turmush o‘rtog‘im bilan internetda tanishganmiz! Sevgi tariximizdan xabardor bo‘lgan, shunday tanishib, oila qurish mumkinligiga chindan ishongan ba'zi dugonalarim esa bir necha marta «virtual muhabbat»ga aldanib qolishdi.
Onlayn suhbatlarga ehtiyoj
Qizlarning aksariyati o‘qish va ish, uy yumushlari bilan mashg‘ul bo‘lib, ko‘cha-ko‘yda, qahvaxonada duch kelgan bilan tanishishni o‘zlariga ep ko‘rmaydilar. Bunga ularning odobi yo‘l qo‘ymaydi, sharqona tabiati begonalar bilan tanishish tugul, hatto boshini tuzukrok ko‘tarib, ro‘parasidagi odamning ko‘ziga tik qarashga izn bermaydi. Har kuni ko‘chada ko‘radigan, ko‘ngliga o‘tirgan yigit bilan bir og‘iz gaplashishni istasa ham ortiqcha gap-so‘zlardan, birov ko‘rib qolishidan qo‘rqib, oriyat kuchliligidan, ehtimol yonidagi baxt qushini uchirib yuborgan qizlar qancha... Kompyuter, internet degan narsalar chiqdi-yu, unda o‘zing ko‘rmagan, bilmagan, sinamagan odamlar bilan g‘oyibona suhbatlashish, yaqindan tanishish, joiz bo‘lsa, ko‘rishish imkoni paydo bo‘ldi.
Ijobiy jihatlari
Tabiatan kamgap yoki tortinchoqlar uchun ayni muddao. Chunki bunday insonlarning ichki olami nihoyatda keng va tasavvurga boy bo‘ladi. Yozishmalar orqali esa o‘zingizni to‘liq namoyon eta olishingizga imkon yaraladi.
Suhbatdoshingizni erkin tanlaysiz. Yashash joyi, yoshini o‘zingizga maqbul variantda belgilaysiz.
Onlayn uchrashuvlar uchun ortiqcha harakatu xarajat (pardoz, libos) kerak emas. Internet va vaqt bo‘yicha limitingiz bo‘lsa bas. Boshqa ishlarni bajarib ham ora-sira suhbatlashib turishingiz mumkin.
Uning yozayotganlaridan maktabda qanday o‘qigani, dunyoqarashi qanchalik kengligini bilib olsa bo‘ladi. Imlo xatolarining o‘ziyoq bundan xabardor qiladi.
Hyech kim sizni «bittasi bilan qo‘l ushlashib ketayotgan ekan» (1 metr oraliqda yurib ketayotganingizni ko‘rsa ham) deb g‘iybat qilolmaydi.
Suhbatdoshingiz rasmingiz yoki o‘zingizdan ham ko‘ra birinchi bo‘lib ko‘nglingiz bilan tanishadi.
Sizda qarama-qarshi jins vakillari bilan qanday gaplashish borasida ko‘nikma hosil bo‘ladi. O‘zingizga bo‘lgan bahoingiz ortadi.
Agar suhbatdoshingiz aqlli, bilimli bo‘lsa, undan ko‘p narsa o‘rganasiz, hatto xorijiy tillarni o‘zlashtirsangiz bo‘ladi.
Salbiy jihatlari
Siz ham, suhbatdoshingiz ham suhbatlarda ko‘p yolg‘on ishlatasiz.
Internetda tanishganingiz uchun ham yigitga ermak, ovunchoq, tekin tinglovchiga aylanishingiz, u sizni jiddiy qabul qilmasligi mumkin.
Yigit haqidagi asl haqiqatni bilib olish juda qiyin. Balki u uylangan yoki ajrashgan bo‘lib chiqar, bankda ishlayman, deb turib, internet kafeda adminstratorlik qilib o‘tirar... Siz xolis odam topib, uni surishtirolmaysiz.
Unga bog‘lanib qolishingiz, hamma siringizni aytib qo‘yishingiz mumkin. Begona odamning niyati qandayligini bilmaysiz, kun kelib, sizni shantaj qiladigan darajaga yetishi mumkin.
Uni sevaman deb o‘ylaysiz-u, yuzma-yuz ko‘rishib, muloqot qilmaguncha bir to‘xtamga kelolmaysiz. Virtual suhbatdoshlar esa real uchrashuvdan juda qo‘rqadilar. Har holda hayot boshqa, xayol boshqa.
Avatarga qo‘yilgan rasm, profildagi videolaringizni iloji bo‘lsa begonalar ko‘rmagani ma'qul. Onlayn shaydolarning ba'zilari bularni ham qayta ishlab yuborishga usta bo‘ladilar.
Pasport ma'lumotlari, manzil, telefon, ish joyi haqida ma'lumotga ega bo‘lgan havasmandingiz siz istamagan paytda, hatto aloqani uzsangiz ham yana qarshingizda paydo bo‘lishi mumkin.
Yozishmalarda kishi haddan ortiq erkin bo‘lgani uchun ham oradan parda ko‘tarilishi, yopiq mavzular ochilishi mumkin.
Uning harakatlari, o‘zini tutishi, kiyinishini tasavvur qilolmaysiz, bularsiz inson haqida yakdil xulosa qilish qiyin.
Ma'naviy olamiga baho berasiz-u, ijtimoiy, moliyaviy ahvolini bilolmaysiz.
Bayramlarda elektron gulxatlaru saytlardan ko‘chirilgan izhorlarga xursand bo‘lib o‘tiraverasiz.
Sizga sevgi izhor qilsa ham o‘zingizni «sevilganman» deb to‘laqonli his qilolmaysiz…
Shuncha salbiy jihatlari bo‘lsa, shahzodamni qayerdan topaman, degan qizlarjonga bir tavsiyam bor. Agar o‘zingizga ozgina pishiqroq bo‘lib, siringizni boy bermay, bor bilimingiz va muomalangizni ishga solib, tanlab-tanlab suhbatlashsangiz, o‘zingizga kerakli bo‘lgan kimnidir albatta topasiz! Ammo yodingizda bo‘lsin, unga butkul bog‘lanib qolmang, u odam internetda bo‘ladimi yoki hayotdagi tanishingizmi, siz tanlash imkoniyatiga hamisha egasiz!