"Ohangaronsement” sement zavodining asosiy aksionerlari o‘z ulushi sotilishini e’lon qildi. Bu haqda fond birjasi ma’lumotlariga tayanib, "Gazeta.uz” xabar berdi.
13-yanvar kuni Kiprdagi Lamaka Enterprises Limited umumiy qiymati 1,61 trillion so‘m bo‘lgan — har bir aksiyasi 390 ming so‘mdan 4,14 million dona aksiya (zavod umumiy aksiyasining 84,3 foizi) sotilishini ma’lum qildi. Ofshor kompaniyasi aksiyalar paketini 2021-yil may oxirida 557,68 milliard so‘mga sotib olgandi.
Britaniya Virgin orollaridan bo‘lgan Giacinttar Limited 271 milliard so‘mga 694,9 ming dona (14,1 foiz) aksiyalarini sotishni rejalashtirmoqda.
Ikkala kompaniya tomonidan sotuvga qo‘yilgan aksiyalar paketi (98,36 foiz) 1,88 trillion so‘mga baholanmoqda.
10-yanvar kuni Telegram’dagi "KorpInfo” kanali Akkermann Cement CA kompaniyasi "Ohangaronsement” AJ afillangan shaxslari ro‘yxatiga kiritilgani to‘g‘risida yozgandi. Usolsev Yuriy Aleksandrovich "Ohangaronsement” AJ bosh direktori etib tayinlangan. U ayni bir paytda Akkermann Cement CA MChJ rahbari hamdir. Mazkur jamiyat to‘lig‘icha Rossiyaning "Akkermann Sement” kompaniyasiga tegishli. Mazkur kompaniyaga "Yuesem Sement”, unga esa XK "Yuesem” (USM Holding) egalik qiladi. Bu xoldingning asoschisi va asosiy aksiyadori Alisher Usmonovdir.
"Ohangaronsement” haqida
"Ohangaronsement”ga XX asrning o‘rtalarida asos solingan. 1970-yillarda kombinatga, 1980-yillarda esa ishlab chiqarish birlashmasiga aylangan. 1994-yilda zavod xususiylashtirilgan va aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgan. Korxonaga uzoq vaqt davomida Zeromax egalik qilgan va Rossiyaning "Yevrosement”i 2006-yilda 75,5 foiz aksiyasini sotib olgan. Keyinchalik ushbu ulush 83,9 foizga qadar oshirilgan.
Spot’ning yozishicha, 2014-yilda korxona muammolarga duch kelgan — hozirda faoliyati tugatilgan Davlat raqobat qo‘mitasi 1994-yildagi xususiylashtirishni noqonuniy deb topishni talab qilgan, Toshkent viloyati iqtisodiy sudi zavodning mulki va bank hisobraqamlariga hibs qo‘ygan. Bundan tashqari, korxonadan soliqlarni to‘lash talab etilgan. Bir nechta sud eshituvlari va apellyatsiyalardan so‘ng tomonlar masalani kelishib olishga muvaffaq bo‘lgan.
"Ohangaronsement” mamlakatdagi eng yirik soliq to‘lovchilar qatoriga kiradi, shuningdek, bozordagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. 2019-yil yakunlariga ko‘ra, zavodning sof foydasi 179,8 milliard so‘mni tashkil etgan, 2020-yilning 9 oyida esa 187,1 milliard so‘m, 2021-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha — 24,8 milliard so‘m.