2022-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 32,3 mlrd dollarni tashkil qildi.
Zaxiralar o‘tgan oyga nisbatan 1,2 mlrd dollarga kamaydi. Ular asosan oltin va xorijiy valyutadan iborat. Oktabr oyida oltin zaxiralari deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa, valyuta zaxiralari keskin kamaydi:
valyuta — 1,2 mlrd dollarga kamaydi (umumiy 10,3 mlrd dollar);
oltin — 30 mln dollarga ko‘paydi (umumiy 21 mlrd dollar).
Oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket to‘rtinchi oy kamaymoqda. O‘zbekiston zaxiralarida taxminan 400 tonna oltin bor.
Avgust va sentabr oylarida bu ko‘rsatkich ko‘paygan bo‘lsa-da narxlar pastligi tufayli zaxiralar ham kamaygan edi. O‘tgan oyda narxlar ko‘tarila boshladi va zaxiralar ham 10 tonnaga oshdi.
Bloomberg e’lon qilgan maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekiston AQSH va Xitoy davlat qarzlarini sotib olish orqali zaxiralardagi oltin ulushini 50 foizdan pasaytirmoqchi edi. Buning o‘rniga mamlakat o‘zining 32 milliard dollarlik zaxiralaridagi qimmatbaho metall ulushini 65 foizga yetkazdi.
Biz G‘aznachilikka sarmoya kiritish haqida o‘yladik, lekin bozorning o‘zi bunga yo‘l qo‘ymadi, — dedi O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev.
Jahonda oltin narxi qanday?
Sentabr oyining oxirida oltin narxi 2020-yil aprelidan beri birinchi marta bir troya unsiyasi uchun 1,63 ming dollargacha pasaygan edi. O‘shanda nafaqat oltin, balki boshqa qimmatbaho metallar ham AQSH Federal rezerv tizimining asosiy stavkani oshirishi fonida arzonlagan edi.
Noyabr o‘rtasiga kelib esa oltin narxi ko‘tarila boshladi va uch oylik eng yuqori darajaga chiqdi — 1,78 ming dollargacha. Oltin narxi o‘sishining asosiy omili dollarning zaiflashishi hisoblanadi. Dollarning oltita asosiy jahon valyutasiga nisbatan kursi 15-noyabr kungi savdo paytida 0,8 foizga pasaygan.
Ayni paytda oltinning bir unsiyasi uchun narx 1 750 dollar atrofida shakllanmoqda.
Oltin zaxiralari nima uchun kerak?
Oddiy til bilan aytganda, bu sug‘urta, davlatning "xavfsizlik yostig‘i”. Zaxiralar dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida favqulodda vaziyatlar uchun mavjud.
Zaxiralar odatda yuqori likvidli, ya’ni tez sotiladigan aktivlarda saqlanadi. Oltin va xorijiy valyuta ushbu talablarga javob beradi — ulardan istalgan vaqtda qarz to‘lash yoki investitsiyalar uchun foydalanish mumkin.
2017-yilgacha O‘zbekiston zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamoatchilikka e’lon qilinmas edi. O‘sha yilning noyabr oyida zaxiralar 26 milliardni tashkil etishi ma’lum bo‘lgan. O‘shandan beri ular 10 mlrd dollargacha o‘sgan, biroq to‘rt oydan beri kamaymoqda.
Zaxiralardan qanday maqsadlarda foydalanish mumkin va o‘rni qanday to‘ldiriladi?
Zaxiralardan turli mamlakatlarda turlicha foydalaniladi. Bu odatda to‘lov balansi taqchilligini moliyalashtirish, valyuta bozorida intervensiyalar o‘tkazish, milliy valyuta kursini ushlab turish, tashqi qarzlarni qoplash va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
Zaxiralar mamlakatda qazib olingan oltin, xalqaro bozorga qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi, savdo balansi profitsiti va boshqalar hisobiga to‘ldiriladi.
Masalan, O‘zbekistonda zaxiralar OKMK yoki NKMK tomonidan qazib olingan oltin hisobiga to‘ldiriladi. Oltin chetga sotilganda mamlakatdagi zaxiralar ham kamayadi. O‘zbekiston esa joriy yilning mart oyidan beri oltin sotmayapti.
32,3 mlrd dollar — bu ko‘pmi yoki kam?
Boshqa mamlakatlar bilan taqqoslansa, unda Xitoy katta farq bilan birinchi o‘rinda — 3,45 trln dollar. Ikkinchi o‘rinda Yaponiya (1,36 trln dollar), uchinchi o‘rinda esa Shveysariya (961 mln dollar) turadi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra qo‘shni mamlakatlar orasida Qozog‘iston zaxiralari 32,9 milliard dollarni, Tojikistonniki 2,7 milliard dollarni, Qirg‘izistonniki esa 2,5 milliard dollarni tashkil etadi.
Rivojlanayotgan mamlakatlarga, shu jumladan, O‘zbekistonga ham xalqaro tashkilotlar uch oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli bo‘lgan zaxiralarni saqlashni tavsiya qiladi.
32,3 mlrd dollar hozir O‘zbekistonga 13 oydan ortiq importni moliyalashtirish uchun yetarli. Bunday ko‘rsatkich ishonchli hisoblanadi.