
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda olib borilayotgan tilla va zargarlik buyumlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy tarzda olib o‘tilishiga qarshi chora-tadbirlar davomida "Ayritom” chegara-bojxona kompleksi xodimlari tomonidan afg‘onistonlik M.Salimning (ismi sharifi o‘zgartirilgan)qing‘ir qilmishlari fosh qilindi. Respublikamiz hududi orqali xorijga yo‘l olgan ushbu shaxs tomonidan to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasidagi ma'lumotlar asosida unga tegishli bagaj va qo‘l yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, yuklar orasida deklaratsiyada ko‘rsatilgan miqdordan ortiqcha salkam 4 kg og‘irlikdagi quyma tillalar borligi aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Termiz shahar sudining xukmiga binoan aybdorga eng kam oylik ish haqining uch yuz baravarigacha miqdordagi jarima jazosini tayinladi. Hujjatlarda ko‘rsatilmagan 494,5 mln so‘mdan ortiq qiymatdagi salkam 4 kg oltin davlat egaligiga o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2014 yil 5 avgustda 2606-son bilan ro‘yxatga olingan "Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaga muvofiq, bojxona chegaralarini kesib o‘tish paytida jismoniy shaxslar tomonidan to‘ldiriladigan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasining 5-bandida har qanday ko‘rinishdagi va holatdagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarning miqdori aniq ko‘rsatilishi shart.