O‘zbekistonda pensiya ta’minoti solidar tizimda ishlaydi: ayni paytda ishlayotganlar hisobidan pensiya yoshiga chiqqanlar uchun pul to‘lanadi. Ammo tizim bosqichma-bosqich o‘zgarishi kutilmoqda.
Bu haqda Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori birinchi o‘rinbosari Medet Tleuov 28-yanvar, seshanba kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda "Gazeta.uz”.
Tleuovning aytishicha, O‘zbekistonda qariyb 15 million iqtisodiy faol aholi bo‘lib, ularning faqat 5 millionga yaqini soliqlarni rasman to‘lamoqda, ya’ni daromadlarini shaffof ko‘rsatadi. Shu tufayli pensiya ta’minoti tizimi aynan bugun soliq to‘lovchilar quvvatiga chambarchas bog‘langan.
Pensiya jamg‘armasi rahbariyati vakilining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda davlat pensiya ta’minoti uch pog‘onali tizimga almashtirilishi kutilmoqda.
"Pensiya siyosati faqat bir pensiya tizimiga asoslanib qolmasligi kerak. Shu sababli, taraqqiy etgan mamlakatlarda har ikkala tizimdan foydalanishga asoslangan uch pog‘onali pensiya tizimi shakllandi — davlat pensiyasi, jamg‘arib boriladigan pensiya hamda ixtiyoriy pensiyaviy sug‘urtalash”, — dedi u.
"Gazeta.uz” bilan suhbatlashgan hukumatdagi manbaning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirishdan boshqa iloj yo‘q, ammo bu tadrijiy bo‘ladi.
"Erkaklarga 62, ayollarga 58 yoshni pensiyaga chiqish davri etib belgilash ko‘zda tutilmoqda. Ammo o‘zgarish birdan barchaga tatbiq etilmaydi. U bosqichma-bosqich, aholining ijtimoiy himoyasini o‘ylab, tadrijiy amalga oshiriladi”, — deydi manba.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston davlat pensiya tizimini rivojlantirish va yangilash bo‘yicha konsepsiya loyihasi 2020-yilning aprel oyiga qadar e’lon qilinishi kutilmoqda.