O‘zbekistonda chorva mollari va parranda bosh soniga mutanosib ravishda ekin yerlari ajratiladi. Bu Prezidentning "Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Hujjatga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari:
2020-yilda yaylovlar hamda Prezidentning 2019-yil 17-iyundagi "Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida nazarda tutilgan qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan sug‘oriladigan yerlarni foydalanishga kiritish hisobidan ozuqabop ekinlarni yetishtirishni yo‘lga qo‘yish uchun chorvachilik xo‘jaliklariga ajratib berilishini;
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo‘mitasi bilan birgalikda paxta-to‘qimachilik klasterlari va paxtachilik-g‘allachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari ekin maydonining 10 foiziga beda ekilishini ta’minlaydi.
Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan chorvachilik, shu jumladan, parrandachilik xo‘jaliklariga ozuqabop ekinlar ekish uchun chorva mollari va parranda bosh soniga mutanosib ravishda ekin yerlari ajratilishini doimiy ravishda nazorat qilib boradi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti huzuridagi Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi xodimlarini jalb qilgan holda joylarda sut sog‘uvchilarni tayyorlash hamda malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari va "Parrandasanoat” uyushmasi bilan birgalikda parrandalarning yuqori mahsuldor zotlari va krosslarini urchitish bilan shug‘ullanuvchi go‘sht yo‘nalishidagi II tartibli reproduktor naslchilik parrandachilik korxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.
Hujjat bilan Transport vazirligi va Uzbekistan Airways’ning 2022-yil 1-yanvarga qadar "Parrandasanoat” uyushmasi tarkibidagi parrandachilik korxonalariga o‘zi ishlab chiqargan tuxum va go‘sht mahsulotlarini eksport qilishda nasldor inkubatsion tuxum va nasldor bir kunlik jo‘jalarni, vaksina, veterinariya dori vositalarini import qilishda, istisno tariqasida, amaldagi havo transportida tashish tariflariga nisbatan 20 foizlik chegirma berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda ozuqa ekin maydonlaridan kelib chiqqan holda 2020—2022-yillar uchun ozuqabop ekinlar urug‘chiligini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilgan.