2018 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda "ZoodMall" yangi elektron onlayn maydonchasi ishga tushiriladi. Bu haqda "O‘zbekiston pochtasi" AJ matbuot xizmati xabar bermoqda. Bu orqali ishlab chiqarish kompaniyalari va dilerlar o‘z mollarini vositachilarsiz sotish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Xabar qilinishicha, O‘zbekiston milliy pochta operatori "O‘zbekiston pochtasi" AJ va Shveysariyaning "ZOODEL" kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.
Memorandumga muvofiq, tomonlar tajriba va ma'lumot almashishadi, o‘zaro konsultativ qo‘llab-quvvatlashni amalga oshiradi, elektron tijorat rivojlanishiga bag‘ishlangan tadbirlarda qatnashishni ta'minlaydi.
"O‘zbekiston pochtasi" AJ va "ZOODEL" kompaniyasi ishlab chiqaruvchi va sotuvchilarga o‘z mollarini sotish uchun tovarlarni mobil ilovalar yordamida "ZoodMall" saytiga joylashtirish, "ZoodMall"ga joylashtirilgan tovarlarni xalqaro "B2C" savdo maydonchalari hisoblangan "eBay", "AliExpress", "Lazada", "Cdiscount" va hokazolar orqali ilgari surishni taklif etadi.
Bu esa kuniga yuz millionlab xaridorlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlar haqida xabardor bo‘lishiga imkoniyat yaratadi. O‘zbekistonlik tadbirkorlar mazkur dasturdan bepul ro‘yxatdan o‘tishi nazarda tutilyapti.
"ZoodMall" mobil ilovasi o‘zbek ishbilarmonlariga xorij bozorlarida onlayn savdoni tashkil etishda qulay imkoniyatlar beradi. Ya'ni bu 300 milliondan ortiq xaridor degani. O‘zbekiston iste'molchilariga esa eng yaxshi narxlar va takliflar taqdim etiladi. O‘z navbatida, Milliy pochta operatori mahsulotlarni sifatli yetkazib berishni o‘z zimmasiga oladi", — deydi "ZOODEL" kompaniyasining MDH davlatlari bo‘yicha bosh direktori S. Muxamedaliyev.