O‘sha kuni Nasiba Maqsudova Sherali Jo‘rayevning "Gulbadan”iga oxirigacha raqs tushgandi…
8 fevral kuni tunda ijtimoiy tarmoqlarda sovuq xabar tarqalgan bo‘lsa-da, lekin "Nasiba Maqsudova olamdan o‘tdi…” degan xabarga hech kimning ishongisi kelmasdi. Biroq, o‘lim haq…
20 dekabr kuni suratga olish ishlari boshlangan "Diydor shirin” ko‘rsatuvining Yangi yilga bag‘ishlangan soni 21 dekabrning tongi 3.30 ga qadar davom etdi. Suratga olish ishidan horigan bo‘lishiga qaramay, 170 kishilik muxlislardan iborat bayram tadbirida Nasiba Maqsudova Anvar Azimov bilan birgalikda boshlovchilik qildi. Ushbu tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning "Gulbadan”iga oxirigacha raqs tushgan Nasiba Maqsudova barchani lol qoldirgandi… Lekin kutilmaganda, kechqurun insult tashxisi bilan Toshkent Tibbiyot akademiyasining jonlantirish bo‘limiga yotqizildi. 12 kundan so‘ng esa palataga olindi. 30 kun shifokorlar nazoratida bo‘lgan Nasiba Maqsudovaga 28 yanvarda uyga javob berishgan…
"Uydagilari qatori men ham har kuni shifoxonaga qatnadim. Shifokorlarning "Hali hech qaysi taniqli odamning oldiga butun shahar "ko‘chib kelmagandi”. Nasiba opani shu qadar hurmat qilishar ekan”, deganida boshim osmonga yetgandi. Nasiba opa ham holidan xabar olib kelganlar bilan dillashgani bois va asli optimist insonligi uchun ruhi tetik edi. "9-fevralda qizim Barnoxon chet eldan keladi, miriqib suhbatlashib o‘tiramiz. Xudo xohlasa, 8 mart — Xotin-qizlar bayrami”ga bag‘ishlangan bayramona ko‘rsatuv bilan muxlislarga kutilmagan sovg‘a ham qilamiz. Bordi-yu, ulgurmasak, "Navro‘z” bayramiga bag‘ishlangan "Diydor shirin” ko‘rsatuvi, albatta, efir yuzini ko‘radi”, deya bot-bot takrorlagandi”, deydi ko‘rsatuv prodyuseri Ma'mura Yusupova.
Bir-ikki qadam tashlab, sog‘ayishni boshlagan Nasiba Maqsudova 8 fevral kuni infarktni boshdan o‘tkazgan. Bir nechta shifoxonaga olib borishgan, so‘nggi manzil Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo‘ldi. Kechga tomon suxandon "Qornim ochdi, ovqat olib kelinglar”, degan. O‘g‘li Otabek ovqatga ketishi bilan soat 22:00 da ortidan shifokorlar qo‘ng‘iroq qilib, noxush xabarni aytishgan…
Oliy toifali diktor Nasiba Maqsudova hayotini kasbiga bag‘ishlagan jonkuyar, tinib-tinchimaydigan, fidoyi ijodkor edi. Axir televideniyega ilk qadam qo‘yganiga 55 yil, diktor vazifasiga ishga qabul qilinganiga 50 yil to‘lgan. Bir necha yuzlab mualliflik ko‘rsatuvlarini tayyorlab, millionlar qalbini zabt etishga ulgurgan, so‘nggi yillarda "Diydor shirin” ko‘rsatuvi orqali samimiy tabassumi bilan tomoshabinlar xonadoniga g‘oyibona tashrif buyurib, muxlislarini xushnud etish baxti nasib qilgan kam sonli ijodkorlardan edi. Nasiba Maqsudova "Soxta kamtarlikni chetga surib aytmoqchiman, hech kim Nasibalarning o‘rnini bosa olmaydi. Muxlislardan "Nasiba Ibrohimova, Nasiba Qambarova, Nasiba Maqsudova, Galina Melnikovaning tashqi ko‘rinishidan tortib, gapirish ohangigacha sira o‘zgarmaydi-ya?” degan savolni ko‘p eshitaman. Zap davrlar bo‘lgan-da. Ishlab yurgan kezlarimiz suxandonlar "maktab”i bo‘lmagan. Ustozlardan o‘rnak olib, ichki-tashqi va kiyinish madaniyati, ishga bo‘lgan jiddiy yondashuvni o‘rganardik. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, ustozimiz O‘ktam Jobirov "yo‘lingdan chiqqan kishiga salom berishni kanda qilma, ustozlarning yo‘rig‘idan chetga chiqma”, deb o‘git berardi. Masalan, men g‘azal o‘qiyolmasligimni tan olaman. Bu ishni Nasiba Qambarova a'lo darajada bajarardi. She'r o‘qirdim, g‘azal berishsa Mirzohid Rahimovning oldiga qo‘yib qo‘yardim. Siyosiy xabarlarni o‘qishda Nasiba Ibrohimovaning oldiga tushadigani yo‘q edi”, deya "O‘zteleradiokompaniya”da o‘tgan davrlarini maroq bilan xotirlardi. Nasiba opa ancha yillik tajribasidan kelib chiqib, shu sohaga kirib kelayotgan va ishlayotgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash maqsadida o‘rinli maslahatlarini berishdan erinmasdi. Atrofdagilarga, kasbiga nisbatan befarq, loqayd qarolmasdi. Ilohim, o‘tganlarning ruhlari shod bo‘lsin!