Hozirgi kunda xorijiy tillarni o‘rganish, xalqaro OTMlarda o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar juda ko‘p. Bu borada o‘quv markazlari juda katta ko‘makchiga aylanishga ulgurdi.
Yoshlarning talabi oshgan sari hududlarda ham yangidan-yangi o‘quv markazlari o‘z faoliyatini boshlamoqda. Ba'zilarining 2-3-4 tagacha filiallari ham mavjud. Biroq ularning soni ortgan sari tanlov borasida qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Kimdir yaqinlarining fikriga quloq solsa, yana kimlardir chiroyli reklama qilinganlariga murojaat qiladi. Bu qanchalar to‘g‘ri? Biz sizga bu borada yordam bera oladigan kuzatishlar, fikrlar, xulosalar natijasi bo‘lgan 10 maslahatni keltirib o‘tamiz:
1. Tanlov ijobiy bo‘lishi uchun albatta rejangizdagi o‘quv markazlariga o‘zingiz borib ko‘ring. Ilk darslarida qatnashing. Bu o‘zingizga yoqadigan dars uslubini kashf etishingizga yordam beradi;
2. Imkon darajasida o‘zingiz yashaydigan hududga yaqin masofada joylashgan o‘quv markazini tanlang. Bunda oltinga teng vaqtingiz yo‘lda o‘tib ketishidan saqlanasiz. Agar sizga ma'qul kelgani uzoqroqda bo‘lsa, audiodarslardan foydalaning. Bunda o‘rganganlaringiz xotirangizda tezroq muhrlanadi;
3. O‘zgalarning fikriga emas, bilim darajangizga qarab tanlov qiling. Chunki har kimda vazifalarni qabul qilish doirasi turlicha bo‘ladi. Do‘stingizga yoqqan uslub sizga ma'qul kelmasa, natija kutganingizdek bo‘lmasligi mumkin;
4. O‘quv markazlaridagi noan'anaviylikka alohida e'tibor bering. Bir xillikdan zerikkan yoshlar uchun bu yangi metodika bo‘lib, qiziqishlar ko‘lamini kengaytirishga yordam beradi.
5. Sizga dars beradigan o‘qituvchini tanlashda ham adashmang. Uning bilim darajasi yuqoriligi emas, o‘quvchilarga bilganlarini yetkazib bera olish darajasi katta ahamiyatga ega.
6. O‘quv marakaziga ilk bora tashrif buyurganda o‘z bilim darajangizdan bir pog‘ona baland bo‘lgan guruhga joylashishga harakat qiling. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, ko‘pchilikning bilim olishga qanday intilishi yon-atrofidagi insonlarga ham bog‘liq. Agar siz dars olayotgan guruhdagilarning bilim darajasi yuqori bo‘lsa, ularga yetib olishga harakat qilasiz. Agar pastroq bo‘lsa, o‘zingiz bilmagan holatda dangasalashib boraverasiz.
7. Narxlariga alohida e'tibor qarating. Ko‘pchilik qimmat bo‘lgan o‘quv markazlarini boshqalariga qaraganda ancha yaxshi deb hisoblaydi. Aslida bu fikr haqiqatdan qisman yiroq. Sababi ayrim hollarda narxning balandligi o‘quv markazi binosiga, xodimlarga to‘lanadigan maoshga, foydalaniladigan elektr-energiya miqdoriga va shu kabi qo‘shimcha xarajatlarga borib taqaladi. Shuning uchun ham chekka hududlardagi narxlar poytaxt va markaziy shaharlarda faoliyat olib borayotgan o‘quv markazlariga nisbatan arzonroq bo‘ladi.
YUqoridagi maslahatlar o‘quv markazlari faoliyati haqida ma'lumotga ega bo‘lgan yoki bilim olish uchun bir necha markazlarga borib ko‘rganlarga tanish bo‘lishi mumkin. Biroq hamon tanlovda qiynalayotganlarga asqotadi degan umiddamiz.