O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 15-17 may kunlari AQSHga amalga oshirgan tashrifi oldidan "Amerika ovozi” teleradiosi jurnalisti Navbahor Imomovaga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mamlakatda doimiy faoliyat olib borish huquqini beruvchi ruxsatnoma berilgan edi. Mirziyoyev "Oq uy” qarorgohida jurnalistlar bilan muloqotga kirishar ekan, o‘zbek tilidagi savol bilan yuzlangan Navbahor Imomovani O‘zbekistonga taklif qilgan edi.
Oradan bir oydan ziyod vaqt o‘tdi. Bu orada "Qalampir.uz” Navbahor Imomova bilan aloqaga chiqib, u bilan suhbatlashdi. Imomovaning O‘zbekistonga amalga oshirajak safari, rejalari bilan qiziqqandi. U vaqtlarda tashrif kunlari hali ma'lum bo‘lmagandi. Va nihoyat Navhabor Imomovaning O‘zbekistonga qachon kelishiga aniqlik kiritildi.
Jurnalistning "Qalampir.uz”ga ma'lum qilishicha, u joriy yilning 25 iyun kuni Toshkentga keladi va bir oy davomida O‘zbekistonda bo‘lishni rejalashtirmoqda.
Joriy yilning 28-29 iyun kunlari kunlari Bandlik va mehnat munosabatlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi, "Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan milliy va xorijiy jurnalistlar, vazirliklar matbuot xizmatlari va O‘zbekiston Respublikasi idoralari ishtirokida "O‘zbekistonda mehnat huquqining taraqqiyotida ijtimoiy media va jurnalistik tadqiqotlarning roli” mavzusida trening va xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Xalqaro jurnalist Navbahor Imomova ushbu anjumanda moderator sifatida ishtirok etadi. Bu haqda "Qalampir.uz” manbasi xabar berdi.
Jurnalistning O‘zbekistonga tashrifidan nafaqat nufuzli tadbirlarda ishtirok etish, balki viloyatlar bo‘ylab safarlar qilish ham o‘rin olgan. Biroq uning marshruti hozircha ma'lum emas.