Yollanma qotil xonandaga qo‘ng‘iroq qilib Filipp Balzanoni qo‘lga tushirishga yordam berishini aytgan.
Zokirovlar avlodining davomchilaridan bo‘lmish xonanda Nargiz Zokirova ayni kunlarda vahima ichida yashayotgan bo‘lsa ajabmas. Sababi, u sobiq turmush o‘rtog‘ining uni o‘ldirish uchun qotil yollaganidan xabar topdi, deb yozadi "Starslife.ru”.
OAVga bergan intervyularining deyarli barchasida oilaviy hayoti, turmush o‘rtog‘i bilan kechirgan 20 yillik umr yo‘li, ajrim haqida gapirar ekan, Nargiz Zokirova beihtiyor sobiq turmush o‘rtog‘i Filipp Balzanoning o‘zgarib, qahri qattiq, serjahl va vahshiy bo‘lib qolgani haqida to‘xtalgan.
Buni qarangki, bir necha kun avval, Nargizga uning sobiq turmush o‘rtog‘i tomonidan yollangan qotil tahdid qilib qo‘ng‘iroq qilgan. O‘zini Viktor Golindixin deb tanishtirgan notanish shaxs Filipp uni 800 ming rubl evaziga yollaganini, ular o‘rtasidagi ana sulh yozib olingan telefondagi audioyozuvni 200 ming rubl evaziga berishini aytgan. Ushbu telefon suhbatida Filippning o‘g‘liga ham tahdid ohangida gapirgan so‘zlari bor.
Shuningdek, qotil buyurtma berilgan ishni sodir etishni istamayotgani va aksincha, Filippni qamoqqa tiqish uchun xonandaga yordam berish istagida ekanini aytgan. Nargiz noma'lum shaxsning taklifiga rad javobini berganicha yo‘q, biroq u qotilning gaplariga ishonmayotganini, Filipp bilan bog‘liq ushbu mojaro – tahdid, sobiq turmush o‘rtog‘ining navbatdagi tuzoqlaridan biri, deb o‘ylayotganini aytmoqda.
"Men o‘z hayotim uchun chindan ham xavotirdaman. O‘g‘limni hech bir asossiz sudga berganidan keyin, men bilan shuncha yil birga yashagan insonning asl yuzini ko‘rdim. O‘shanda, undan hamma narsani kutish mumkinligini tushunib yetdim. Qotilning menga qo‘ng‘iroq ilishi va yordam berish borasidagi taklifni bildirishi Filippning navbatdagi tuzog‘i bo‘lishi mumkin. U juda katta qarzga botgan, bu mablag‘ni to‘lash uchun esa mablag‘i yo‘q. Biroq shu bilan birga mendan pul ololmasligini biladi. U hamma o‘yinlarni mendan pul undirish uchun qilayapti. Ayni vaqtda nima qilishimni bilmayapman. Prodyuserim xavfsizligimni ta'minlash uchun vaqtinchalik xos soqchilarni yollash kerakligini aytayapti. Filipp meni va oilamni tinch qo‘yishini juda-juda istayman”, deydi Nargiz Zokirova.
Ma'lumotlarga qaraganda, Nargiz Zokirovaning sobiq turmush o‘rtog‘i bilan bog‘liq ishlarni Rossiyalik mashhur bastakor va xonanda Maksim Fadeyevning advokati o‘rganmoqda.