Namanganda Navro‘z bayramiga allaqachon tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. 20-21 mart kunlari nafaqat butun O‘zbekiston ahli, balki dunyo hamjamiyatining e'tibori Namanganga qaratilishi kutilmoqda. Boisi bayram bahonasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan "Sumalak sayli” turizm va milliy qadriyatlar festivali davomida 5 tonnalik qozonda bahoriy ne'mat – sumalak tayyorlanadi. Bu haqda namanganlik jurnalist Dilmurod Jumaboyevga tadbir tashkilotchilaridan biri, Namangan shahar Kengashi deputati Ma'ruf Muminov ma'lum qilgan.
Buncha miqdordagi sumalakni tayyorlash uchun ketadigan 2 tonna bug‘doy uvitiladi. Bug‘doydan tashqari, sumalakni tayyorlash uchun 2 tonna un, 1 tonna yog‘, 450 kg zog‘ora uni, 50 kg novvot ishlatiladi. Sumalakni tayyorlash 25 nafar mohir sumalak ustasi onaxonlar jalb etiladi. Dunyo dunyo bo‘lib 5 tonna sumalakni bir qozonda pishganini ko‘rmagan! Ginnesning rekordlar kitobidan yana bir o‘zbek madaniyati voqye'ligi joy oladigan bo‘ldi, deb yozadi Dilmurod Jumaboyev.
Xabar qilishlaricha, Toshkentda o‘tkazilgan "O‘zbegim” milliy qadriyatlar festivali doirasida o‘zbek palovini Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilishida qo‘llanilgan mega doshqozon sumalak tayyorlash uchun Namanganga olib kelinmoqda.
Tayyorlangan sumalakni barcha tashrif buyurgan mehmonlarga tortiq qilish bilan birga, qariyalar va mehribonlik uylariga, mahallalardagi kam ta'minlangan oilalarga tarqatiladi.
An'anaga aylanishi rejalangan holda Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkazilayotgan bu birinchi "Sumalak sayli” turizm va milliy qadriyatlar festivali Namangan shahar hokimligi tomonidan tashkil etilmoqda.
Festival mohiyatiga ko‘ra o‘zida bahoriy yangilanishga xos bayram shukuhi, o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari e'zozi, xayriyaparvarlik, barchaga shodlik ulashish kabi xususiyatlarni qamrab olgan ommaviy sayl sifatida namoyon bo‘ladi. "Sumalak sayli” turizm va milliy qadriyatlar festivali davomida shahardagi kam ta'minlangan oilalarning farzandlarining nikoh hamda xatna to‘ylari o‘tkaziladi.
Festival davomida turli konsert dasturlari, milliy xalq o‘yinlari bo‘lib o‘tadi, ishtirokchilar bahoriy milliy taomlardan bahramand bo‘lishadi.