
Bugun, 21 oktyabr kuni o‘zbek shou-biznesining taniqli xonandalaridan Munisa Rizayeva 30 yoshni qarshiladi. Ayni damda aktyor va aktrisalar, xonandalar ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalariga xonanda Munisa Rizayevaning suratini joylashtirib, uni tavallud kuni bilan qutlashmoqda.
Munisa Rizayeva o‘zbek shou-biznesida tilga tushganiga hali 10 yil ham bo‘lgani yo‘q. Uning "Bevafo” nomli qo‘shig‘i mashhur bo‘lib, xonandaning Munisa Rizayeva sifatida tanilishi 2011 yilning kuzlariga borib taqaladi. O‘sha vaqtlarda xonanda ko‘pchilikka aktrisa sifatida tanish edi. Bunga qadar bir necha qo‘shiqlarini omma e'tiboriga havola etgan Rizayevaning loaqal bitta qo‘shig‘i ham xit darajasiga chiqmagan edi. "Bevafo” haqiqatan ham Munisaga misli ko‘rinmagan omad olib keldi va xonanda uni mahkam tutib oldi.
Shahzoda, Lola, Rayhon, Manzura. Ana shu to‘rtlik qatoriga beshinchi bo‘lib kiraman, deb turgan xonandalar sanoqsiz bo‘lgan va bu Rizayevaga nasib etdi. Ayni damda to‘ylardagi eng talabgir xonanda sifatida Munisa Rizayeva yuqorida nomi keltirilgan to‘rt ayol xonandani ham ortda qoldiryapti. Yillar davomida orttirilgan tajriba Rizayevaning ijodi yanada gullab-yashnashiga sabab bo‘ldi. Qora piarlar, turli mish-mishlar Munisaning reytingiga zarracha salbiy ta'sir ko‘rsatgani yo‘q.
Munisa Rizayevani tavallud kuni bilan tabriklaganlar qatorida Nilufar Usmonova, Manzura, Shahzoda va Lola yo‘q edi, xolos. Chunki Rizayevning birinchi uchlik bilan munosabatlariga jiddiy darz ketgan. Lola esa tabriklashni unutgan yo bunga vaqt topmagan.
Fursatdan foydalanib, portalimiz nomidan xonanda Munisa Rizayevani tavallud kuni bilan muborakbod etib, unga ulkan zafarlar va ijodiy muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.