Ijtimoiy tarmoqlarda sifatsiz armatura bilan bog‘liq video tarqaldi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bunga munosabat bildirdi.
Vazirlik videodagi holat qachon va qayerda bo‘lgani noma’lumligini bildirib, agar ushbu holatning qaysidir qurilish ob’ektida sodir bo‘lgani yoki uning ishlab chiqaruvchisi haqida asosli ma’lumot bo‘lsa, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tegishli chora ko‘rib, vaziyat haqida axborot berishga tayyorligini ma’lum qildi.
"Shu o‘rinda qurilish ob’ektlariga olib kelinayotgan materiallar inspeksiyaning maxsus laboratoriyasi tekshiruvidan o‘tkazilishi, ishlab chiqarish jarayonida ham laboratoriya tahlillar tegishli tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishini ta’kidlash o‘rinli. Bugungi kunda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi laboratoriyalarida 78 tadan 108 tagacha turdagi qurilish materiallarining sifat ko‘rsatkichi sinovdan o‘tkazilmoqda", deyiladi vazirlikning munosabatida.
Aytilishicha, 2023 yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida qurilish ob’ektlarida qurilish materiallarining yuqorida aytilgan barcha ko‘rsatkichlari bo‘yicha namunalar tanlab olinib, sinov laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilgan.
Xususan, 28,8 mingdan ziyod sinov bayonnomalari rasmiylashtirilgan hamda 28,01 mingtasida ijobiy natijalarga erishilgan, qolgan 700 dan ziyod holat yuzasidan salbiy bayonnomalar rasmiylashtirilib, hududiy inspeksiyalar tomonidan shaharsozlik sub’ektlariga nisbatan ma’muriy jarimalar, taqdimnomalar hamda ushbu ob’ektda qo‘llangan sifatsiz mahsulotlarni ob’ektlarda buzdirish va to‘xtatish ishlari amalga oshirilgan.