Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning fikricha, Pekin Olimpiadasiga diplomatik boykot e’lon qilish arzimagan qadam bo‘ladi. Avvalroq AQSh Xitoyni inson huquqlarini buzishda ayblab, qishki Olimpiada o‘yinlarini siyosiy boykot qilgandi. Avstraliya, Buyuk Britaniya va Kanada unga qo‘shilgan.
Makronning fikricha, yo Olimpiadani "butunlay boykot qilish” va unga sportchilarni yubormaslik kerak, yoki "foydali harakatlar bilan vaziyatni o‘zgartirishga urinish” kerak. "Men dunyoda biror kimning: keling, sportchilarimizni (Pekindagi o‘yinlarga) jo‘natmaylik deganini eshitmadim”, — deb fikrini izohladi Fransiya prezidenti va diplomatik boykotni "ramziy” deb atadi
Uning aniqlik kiritishicha, Fransiya Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda sportchilar huquqlarini himoya qilishni kafolatlovchi nizom yaratish ustida ish olib boradi. "Menimcha, bu mavzularni siyosiylashtirmasligimiz kerak, ayniqsa arzimas va ramziy qadamlar tashlash bilan”, — deb tushuntirdi Emmanuel Makron.
Ma’lumot uchun, diplomatik boykot rasmiy delegatsiyalarning Olimpiadaga borishdan bosh tortishini anglatadi. Ushbu cheklovlar sportchilarga ta’sir qilmaydi
6-dekabr kuni AQSh, 8-dekabr kuni Avstraliya Olimpiada o‘yinlariga diplomatik boykot e’lon qilgandi. Ushbu davlatlar hukumati o‘z harakatlarini Xitoyning Shinjon avtonom hududidagi uyg‘urlarga nisbatan ta’qiblari bilan bog‘lagan. Ularning ortidan Britaniya ham sport boykotini e’lon qildi.
Xalqaro Olimpiada qo‘mitasi AQShning qarorini "hurmat qilishini” bildirdi. Xitoyning AQShdagi elchixonasi esa Vashington qarorini "siyosiy manipulyatsiya” deb atadi va Amerika siyosatchilariga hech qanday taklif berilmaganini aytdi.
XXIV qishki Olimpiada o‘yinlari Pekinda 2022-yilning 4—20-fevral kunlari bo‘lib o‘tadi. 4—13-mart kunlari Xitoy poytaxti Paralimpiya o‘yinlariga mezbonlik qiladi.