Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi 14-umumta'lim maktab o‘qituvchisi Shuhrat Hakimov to‘ylarda uchrayotgan ayrim "zamonaviy” ortiqcha odatlarni qisqartirish hamon qiyinchilik bilan kechayotgani haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
— Masalan, kelinni olib kelish uchun yo‘l olgan "karvon” mashinalar kartejidagi avtomobillar soni 10-15 tadan kamaygani yo‘q. Boz ustiga, kartej eng oxirgi rusumdagi va bir xil rangdagi yengil mashinalar bo‘lishiga alohida e'tibor qaratilmoqda. 20-30 nafardan oshadigan kuyovjo‘ralarning xurmacha qiliqlari esa asabga tegmoqda, — deydi Shuhrat Hakimov
Sirdaryolik ustozning aytishicha, bir qarindoshining to‘yida kuyovjo‘ralar xonadagi javon va sandiqlarning eshiklarini ochib, u yerda nima bo‘lsa, hammasini o‘margan. Uy sohibasi qarasa, javon va sandiqlardagi buyumlar yo‘q. U darhol kuyovjo‘ralar o‘tirgan avtobus va yengil mashinalar tomon yugurgan. Nima kor-hol yuz berganidan xabardor bo‘lgan avtobus haydovchisining qoni qaynab: "Yeb-ichdilaring, hurmatlaringni bilsalaring bo‘lmaydimi? Shu ishni qilgani uyalmadinglarmi, qani tush hammang, mashinadan!”, deya kuyovjo‘ralarni urushib bergan.
Ayollarning zardasi, erkaklarning do‘q-po‘pisalari kuchaygach, "hazilkash” yigitlar o‘z ayblarini tan olib, o‘margan narsalarini uy egasiga qaytargan. Jo‘ralarning ba'zilari esa go‘yo hech narsa bo‘lmaganday: "Kuyov tomonda odat shunaqa!”, degan.
Yana bir to‘yda mehmonlar o‘tirgan xonadan g‘ala-g‘ovur aralash, idishlarning singan tovushlari eshitilgan. Shosha-pisha eshikni ochgan ayollar hangu mang bo‘lib qolishibdi. Ne ko‘z bilan ko‘rishsinki, kuyovjo‘ralardan 5-6 nafari bo‘shagan chinni idishlarni ko‘rpacha ostiga qo‘yib, oyoqlari bilan bosib sindirishayotgan ekan. Toqatlari toq bo‘lgan mezbonlar yigitlarga qattiq-qattiq gapirsa, kuyovjo‘ralar:
– Biz tomonda odat o‘zi shunaqa, kuyovjo‘ralar idishlarni sindiradilar, – deb javob berganlar.
"Bu qanday odat bo‘ldi? To‘qlikka sho‘xlikmi yoki qadriyatlarimizni oyoqosti qilishmi? Bu kabi holatlar o‘zgalar mehnatini qadrlamaslikdan tashqari, qudalar orasida hurmatsizlik, ko‘ngilxiralik paydo bo‘lishiga sabab bo‘lib qolmaydimi? Kelin taraf kuyov tomonni hafa qilib qo‘ymaslik, oraga sovuqchilik tushmasligi uchun ba'zan bunday voqyealarga indamay chidashar. Lekin andishaning ham chegarasi bor-ku,” deydi muallim Shuhrat Hakimov.