Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA)da 29-yanvar kuni administratsiya rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov boshchiligida kengaytirilgan majlis bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda AOKA matbuot xizmati.
"Majlisda AOKA direktori vazifasini bajaruvchi Komil Allamjonov va direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva kelgusi mehnat faoliyatlarini nodavlat sektorda davom ettirish rejalari bilan bog‘liq murojaatlarini Prezident administratsiyasiga kiritgani va Prezident administratsiyasi tomonidan ushbu murojaatlari ko‘rib chiqilib, qondirilgani haqida e’lon qilindi”, — deyiladi rasmiy xabarda.
Tadbir doirasida agentlik direktori vazifasini bajaruvchi Komil Allamjonov va direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘z rahbarlik faoliyati davomida amalga oshirgan ishlari haqida qisqa hisobot berib, shuningdek, kelajakdagi jamoatchilik yo‘nalishi bilan bog‘liq rejalari borasida fikr bildirdi.
Majlis yakunida Prezidenti administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov agentlik tomonidan erishilgan yutuqlarni alohida ta’kidlab, Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyevaning O‘zbekistonning OAV sohasida demokratik islohotlarni amalga oshirishda, jurnalist va blogerlarning huquqlarini himoya qilishda, davlat organlari rahbarlarining mass-media bilan o‘zaro munosabatlari samaradorligini oshirishdagi shaxsiy hissalarini yuqori baholab, O‘zbekiston davlati rivojlanishi yo‘lidagi kelgusi ishlariga zafarlar tiladi.
Qo‘shimcha qilinishicha, shu vaqtgacha AOKA rahbari birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Dilshod Saidjonov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.