Kaliningradda Nikolay Kisil boshchiligidagi Ikkinchi jahon urushi jang maydonlarida qidirish ishlari olib boradigan ko‘ngilli qidiruvchilar otryadi o‘zbek askari 73 yil oldin yo‘qotgan qoshiqni topdi, deb yozadi Sputnik. Ular ushbu buyumni askarning qarindoshlariga bermoqchi.
Qizig‘i shundaki, ushbu qoshiqda askarning ismi va familiyasi hamda manzili to‘liq yozilgan.
"Bu juda noyob topilma. Oldin hech bir qidiruvchiga bunaqasi uchramagan. Bunday kichik buyumga shuncha ma’lumotni qanday qilib sig‘dirish mumkin? Biz ushbu qoshiqning egasi Jaynak Xolmatovni va uning yaqinlarini topib qoshiqni askarning oilasiga berishga tayyormiz”, — deydi Kisil.
Ushbu topilma Tropinino nomli aholi punkti yonida aniqlangan. Bu yerda 1945-yilning mart oyida o‘ta og‘ir janglar bo‘lib o‘tgan. Bu joy muhim transport tuguni bo‘lgani uchun nemislar uni juda kuchli himoya qilgan. Sovet askarlari bu yerni olish uchun kamida ikki oy kurashgan. Janglarda 4 mingdan ortiq nemis askarlari yo‘q qilingan, 6 tank, 600 to‘p, 30 minomyot va 128 ta pulemyot o‘lja olingan.
Qidiruvchilar otryadi rahbari aytishiga qaraganda, dom-daraksiz yo‘qolgan askarlarni qidirish o‘ta mushkul ish. Faqatgina uning yonida orden va medallari bo‘lsa, ularning nomeriga qarab askarning ismi familiyasini bilib olish mumkin.
Qidiruvchilar otryadi Pyatidorojnoye aholi punkti yonida bir necha dom-daraksiz yo‘qolgan askarlar jasadlarini topgan. Ularning ikki nafarining ism-familiyasi aniqlangan: askarlar Kamash Bekmuxambetov va Vasiliy Xobotov. Ularning qoldiqlari qarindoshlari yoniga Qozog‘iston va Belarusga jo‘natilgan.
Ekspeditsiya davomida topilgan buyumlar orasida ushbu qoshiq ham bor. Unda dastlab faqat "Samarqand” va "Xalmatov” nomli yozuvlar ko‘zga tashlangan. Yaxshilab tozalanganidan keyin esa "Samarqand viloyati, Poyariq rayon, Burkut posyolkasi” degan yozuv ko‘ringan.
Yozuvni o‘qishda qidiruvchilar rahbari Nikolay Kisil yordam bergan, chunki uning o‘zi O‘zbekistonda 38 yil yashagan va joylar nomlari bilan tanish.
Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi ma’lumotga asosan, qurbonlar orasida Jaynak Xolmatovning ismi yo‘q, demak u urushda tirik qolgan bo‘lishi ehtimoli katta.
"Ayni damda biz askarning ushbu buyumini qaytarish maqsadida O‘zbekistondan Jaynak Xolmatovning yaqinlarini qidirmoqdamiz. Biz Kaliningrad uchun janglarda o‘z yaqinlarini bedarak yo‘qotgan o‘zbekistonliklarga yordam berishga tayyormiz”, — dedi qidiruvchilar.
Kaliningrad viloyatida qidiruvchilar otryadlari 20 yildan beri faoliyat olib boradi. Bugungi kunda ularning soni 136 kishiga yetgan.