Braziliyalik Jozef Safraning boyligi 15,7 mlrd dollarga etadi. "Forbes”ning ma'lumotiga ko'ra, u dunyodagi eng boy bankir va savdogarlar sulolasining to'rtinchi vakilidir.
Braziliyalik milliarder Edmon Safra
«Bankirlik Safra oilasining DNKsida bor», — degandi Britaniyaning "Apax Partners LLP” investitsiya fondining hamkori Valter Pyashek braziliyalik bankir Jozef Safra haqida "Euromoney” jurnalistlariga. 75 yoshli braziyalik — o'z mamlakatida boyligi jihatidan ikkinchi o'rinda turadi. Jahon milliarderlari reytingida Safra 52-o'rinni, moliyachilar orasida esa birinchi o'rinni egallagan.
Jozef Safraning boyligi asosini "Banco Safra” banki hamda Shveytsariyadagi "J.Safra Sarasin” kredit muassasasi tashkil etadi. Bundan tashqari, "Safra National Bank of New York” va butun dunyo bo'ylab sanoqsiz ko'chmas mulk ob'ektlari unga tegishli. "The Financial Times”ning hisob-kitobiga ko'ra, ular boshqaruvida kamida 200 mlrd dollar mablag' mavjud.
Moliyaviy DNK
Safraning ajdodlari Usmoniylar imperiyasi davridayoq moliyaviy sulola sifatida boyligi bilan tanilgan yahudiy sulolasidir. Jozef va uning qarindoshlari deyarli intervyu berishmaydi, ularga qarashli bank va moliyaviy kompaniyalarning nomlari ommaviy axborot vositalarida kam tilga olinadi. Oilaning bu darajada yopiqligi turli mish-mishlarga ham sabab bo'lgan — 1980–1990-yillarda Jozefning akasi Edmon Safraga tegishli banklar rus mafiyasi bilan aloqadorlikda, noqonuniy daromadlarni legallashtirishda va «Iran-kontras» tovlamachilik ishida qatnashganlikda shubha ostiga olingan.
Jozef Safra bankirlar sulolasining to'rtinchi vakilidir. Bu sulolaga XIX asrning oxirlarida Usmoniylar imperiyasiga qarashli Suriyaning Halab shahrida asos solingan. Safralar oilasi imperiyaning yirik savdo markazlari bo'lgan Halab, Iskandariya va Konstantinopol shaharlari o'rtasidagi tijorat ishlariga pul tikkan hamda tillafurushlik bilan shug'ullangan. «Safra» so'zini arabchadan tarjima qilinganda «sariq» yoki «oltin» degan ma'noni bildiradi. XX asr boshiga kelib Safralar oilasi Usmoniylar imperiyasidagi eng taniqli bankirlar xonadoniga aylangan. Birinchi jahon urushida Turkiya mag'lubiyatga uchragach, Yakob Safra Frantsiya qo'l ostiga o'tgan Bayrutga ko'chib ketadi. Livanda Safralar Iberiya yarimorolidan kelgan yahudiy muhojirlar uchun asosiy bankirga aylanishgan.
Yakob to'rt farzand ko'rgan: Ilay, Edmon, Moisey va Jozef. Ulardan ikki nafari etuk moliyachilarga aylanishgan — 1932 yilda tug'ilgan Edmon va undan etti yosh kichik bo'lgan Jozef.
Ikkinchi jahon urushidan so'ng Safralar Yaqin Sharqni tark etishga majbur bo'lishdi: birinchi arab-isroil urushidan keyin ular o'z baxtlarini Yangi Dunyoda izlashga qaror qilishdi va 1952 yildan Braziliyada yashay boshlashdi. «Otam tez orada Uchinchi jahon urushi boshlanadi deb o'ylardi», — deb eslaydi Jozef. Uch yildan so'ng Safralar Lotin Amerikasining eng yirik iqtisodiy poytaxti San-Pauluda bank biznesini yo'lga qo'yishdi. Edmon esa o'z ishini boshlashga qaror qildi. U dastlab Еvropaga, keyin esa AQShga ko'chib o'tdi.
Braziliyadagi omad
Jozef Moisey bilan birga Braziliyada qoldi. Akasi ketganidan so'ng aynan Jozef Safralarning bank biznesi yurituvchisiga aylandi: oilaning barcha moliyaviy aktivlari uning boshqaruvidagi "Banco Safra SA”ga birlashtirildi, lekin Jozef va Moiseyning biznesdagi ulushlari teng bo'lindi. 2000 yil boshlarida Jozef Safra "Safra National Bank of New York”, "Safra Luxembourg”, "First International Bank of Israel”ning bir qism ulushi, "Aracruz” qog'oz fabrikasining aktsiyalari, chorvachilik xo'jaliklariga ham egalik qildi.
Uni yaxshi bilgan biznesmenlarning aytishlaricha, Jozef o'ta mehnatkash bo'lib, dam olayotgan vaqtida ham ish haqida o'ylaydi. Jozef Safra kunning istalgan vaqtida top-menejerlariga qo'ng'iroq qilishi mumkin. Ulardan har qanday vaqtda dunyoning istalgan burchagiga ish bo'yicha safarga chiqishga tayyor turish talab qilinadi.
Safraga omad har doim ham kulib boqmagan: u bir nechta muvaffaqiyatsiz xaridlarni ham amalga oshirgan. Ular orasida VSR telekommunikatsiya kompaniyasiga kiritilgan investitsiya bo'lib, 1998 yilda "Safra Group” bo'linmasi tomonidan uning faoliyat yuritishi uchun 2,6 milliard dollarga San-Pauluda uyali aloqa xizmati ko'rsatishga litsenziya sotib olingandi. Lekin keyinchalik bir necha yuz million dollar arzon narxda sotishga majbur bo'ldi. 2009 yilda "Safra Group” ga qarashli "Aracruz Celulose” kompaniyasini raqobatchilari sotib olishdi.
Jozef 2006 yilda barcha boshqaruvni o'z qo'liga oldi — akasi Moisey o'z ulushini 2 milliard dollarga unga sotdi. Jozefning uch nafar o'g'li bo'lib, ularning qaysi biri otasining o'rnini egallashi hozircha ma'lum emas.
Akaning soyasida
Edmon Braziliyani tark etgach, Jenevada yashadi. U 1966 yilda "Trade Development Bank” (TRD)ga asos soldi. Oradan to'rt yil o'tgach, Nyu-Yorkda "Republic National Bank of New York” bankini ochdi. U 1983 yilda "TRD”ni "American Express”ga 550 million dollarga sotib yubordi.
Tez orada Edmon amerikaliklar bilan ishlashdan zerikdi, bankni tark etdi. "American Express” undan shubhalana boshladi. Kompaniya Edmon va unga qarashli banklar turli tovlamachiliklarga aloqador ekanligi haqida shov-shuv ko'tardi. Sud jarayonlarida Edmon g'alaba qozondi. "American Express” kechirim so'radi va unga 8 million dollar to'ladi. 1999 yilda Edmon "Republic National Bank”ni Angliyaning "HSBC Holdings” kompaniyasiga 10,3 mlrd. dollarga sotib yubordi.
Edmon Safra 1999 yilning 3 dekabrida Monakodagi xonadonida halok bo'ldi. U «xavfsiz xona» — talonchilik vaqtida yashirinadigan joyida bo'g'ilib o'ldi. U bilan birga hamshirasi Vivian Torrente ham hayotdan ko'z yumdi. Milliarderning yana bir hamrohi — sobiq desantchi Ted Maxer pichoqlangandi. U uyga hujum bo'lganini ta'kidladi. Tergov davomida uyga Maxer o't qo'ygani, milliarderning hayotini saqlab qolish evaziga undan ko'p miqdorda pul olishni maqsad qilgani ayon bo'ldi.
Oxirgi yillarda Edmon va Jozef orasidagi munosabat buzilgandi. Edmonning boyligidan ukasiga meros tegmadi —Edmonning boyligining yarmi (800 mln dollar) xotini Liliga, yarmi esa xayriya faoliyatiga ajratildi.
Jozef Safra raqamlarda
15 oktyabr holatiga ko'ra biznesmen dunyoning eng boy kishilari ro'yxatida 52-o'rinda turadi. Bir yil ilgari u 55-o'rinda edi.
Eng boy braziliyaliklar ro'yxatida u dunyodagi eng yirik "Anheuser-Busch InBev” pivo kompaniyasi aktsiyalari orqali 20 mlrd dollardan ortiq pul ishlab topgan Jorje Paulu Lemanndan keyin ikkinchi o'rinda.
Safra 2006 yilda akasi Moiseyning "Safra Group” biznesidagi ulushini sotib olish uchun 2 mlrd dollar to'lagan.
Butun dunyo bo'yicha "Safra Group” boshqaruvida 200 mlrd dollar mavjud.
2014 yil noyabrda Safra Londondagi «Bodring» osmono'par binosi uchun 1,2 mlrd dollar to'lagan.
Til
Oilasidagilar arab, ivrit, ispan, ingliz va frantsuz tillarida gaplashgan Safra boshqalar tushunmay qolishi mumkinligidan xavfsirab braziliyaliklarning ona tili bo'lgan portugal tilida deyarli gapirmaydi.
Qo'riqlash
Biznesmen qo'riqchi sifatida MOSSADda tayyorgarlikdan o'tgan braziliyaliklarni yollaydi. Uning akasi esa isroillik qo'riqchilar xizmatidan foydalanishni ma'qul ko'radi.
Sovg'alar
Safra ish joyida uzoq o'tiradigan xodimlarining xotinlariga taqinchoqlar sovg'a qilishi bilan nom chiqargan. Shu bilan birga u xodimini kunning istalgan paytida ishga chaqiradigan qattiqqo'l rahbar sifatida ham tanilgan.
Xobbi
Safra suzishga qiziqadi va kuniga kamida 500 metr masofaga suzadi.
Kamtarlik
Safra San-Paulu yaqinidagi o'ta hashamatli uyi uchun ko'p bora uzr so'ragan. Villa Braziliyadagi xarobalar yaqinida joylashgan.