Isroil jangovar samolyotlari o‘tgan dam olish kunlari G‘azo sektoridagi 426 nishonga zarba berdi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari matbuot kotibi Daniel Hagariy ma’lum qildi.
Uning izohiga ko‘ra, hujumlar infratuzilmalar, jangchilar foydalanayotgan binolar va yerosti tunnellariga qaratilgan. Kelgusida Isroil tomoni havo hujumlaridan tashqari artilleriya zarbalarini ham amalga oshirishi kutilmoqda.
Hagarining ta'kidlashicha, yakshanba kuni harbiylar G‘azo sektori yaqinidagi Isroil aholi punktlarini "falastinlik jangchilardan tozalashda davom etmoqda".
8-oktyabr tongida xavfsizlik kuchlari 29 ta aholi punkti ustidan nazoratni to‘liq qo‘lga kiritgan. Ayniqsa, Sderot shahri, Kfar Aza, Zikim va boshqa bir qator aholi punktlarida "ekstremistlarni qidirish va yo‘q qilish operatsiyalari" davom etmoqda.
Yakshanba kuni harbiylar G‘azo sektoriga tutash hududlarni falastinlik jangchilardan to‘liq tozalashi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, armiya hozirda isroillik harbiy xizmatchilar bo‘lmagan aholi punktlari qolmaganiga ishontirmoqda. Rejaga ko‘ra, yaqin soatlarda G‘azo sektoriga yaqin hududlar aholisi evakuatsiya qilinadi.
Mojaro qachon va qanday boshlandi?
7-oktyabr kuni ertalab HAMAS kuchlari Isroilga hujum boshladi. HAMAS a’zolarining aytishicha, "Al-Aqsa to‘foni” operatsiyasi davomida Isroil shaharlariga besh mingta raketa uchirilgan, bir necha o‘nlab qurolli kuchlar Isroilning G‘azo sektori bilan chegaradosh aholi punktlariga kirib borgan. Isroil rasmiylari mamlakatga ikki mingdan ortiq raketa kelib tushganini aytib o‘tgan.