Tez orada O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov haqida yozuvchi Luqmon Bo‘rixonning "Olov tutgan odam” nomli kitobi nashrdan chiqadi. Ushbu kitobda Islom Karimovning Qashqadaryo viloyatida rahbarlik qilgan davrlari haqida so‘z borgan. Bu haqda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi xabar qildi.
Romanda bosh qahramonning jasorati, xalqparvarligi, adolatparvarligi yorqin ifodalangan. U, eng avvalo, odamlarda ertangi kunga ishonch, umid uyg‘otish zarurligini anglab, aynan shu yo‘nalish bo‘yicha ilk faoliyatini boshladi. O‘sha davrda hukm surgan qog‘ozbozlik, buyruqbozlik, balandparvozlik kabi illatlarga barham berishga urindi, xalq bilan yuzma-yuz gaplashdi, muammolarni ochiq-oydin o‘rtaga tashlab, ularni bartaraf etish yuzasidan kengashdi. Ayniqsa, "Paxta ishi” kasofatidan jabr ko‘rgan oilalarga yordam qo‘lini cho‘zdi, ularning dardiga malham bo‘lishga intildi.
Luqmon Bo‘rixon o‘z qahramonini faqatgina qattiqqo‘l va talabchan rahbar, davlat va siyosat arbobi sifatida tasvirlash bilangina cheklanib qolmadi. Balki, roman mutolaasi jarayonida Islom Karimovni daryodil inson, yuragi quvonchu g‘ussalarga limmo-lim oddiy bir odam sifatida ham tasavvur etish mumkin.
Ushbu romanga adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev quyidagicha taqriz yozadi:
Buyuk shaxs haqida roman
Bu asar qo‘lyozmasi bilan ilk tanishib chiqqan o‘quvchilardan biri, hoynahoy, men bo‘lsam kerak. O‘sha voqyeaga ham, adashmasam, yetti-sakkiz yildan oshib qoldi. O‘shanda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan qo‘limga og‘irgina bir jild tutqazildi. Yurtboshimizning Qashqadaryo viloyatida rahbarlik qilgan davri haqida yozilgan roman, o‘qib, fikr bildirsangiz, deyishdi. Ochig‘i, avvaliga anchagina ajablandim, ularning gaplariga ishonmaganday bo‘ldim. Axir bu o‘ta jiddiy va mas'uliyatli mavzu, har kim ham bu mavzuda qog‘oz qoralashga jur'at etolmaydi, degan o‘y xayolimdan o‘tdi. Bemaslahat, bekengash shunday zalvarli yukni yelkasiga olgani uchun yozuvchi Luqmon Bo‘rixonni ich-ichimda koyib ham qo‘ydim, uning qilgan mehnatiga achindim. Axir ne bir nomdor adiblar ham bu mavzuga botina olishmagan. Luqmon Bo‘rixon ular oldida ancha yosh, tajribasiz tuyulardi, nazarimda. Xullas, shunday kayfiyatda qo‘lyozmani varaqlashga tutindim. Ammo shuhba-gumonlarim behuda ekan. Qo‘lyozmaning so‘nggi sahifasini o‘qib chiqqan paytimda ko‘nglimda qandaydir quvonch, zavq paydo bo‘ldi. Luqmon Bo‘rixon uddalabdi! Uning asari mavjud ijtimoiy-siyosiy jarayonga, shuningdek, adabiyotning azaliy talablariga deyarli javob berardi. Albatta, maromiga yetmagan, yana bir karra ter to‘kishga undaydigan jihatlar ham talaygina edi. Biz yozuvchiga bu borada o‘z fikr va takliflarimizni bildirdik. Luqmon yo‘l-yo‘riqlarimizni inobatga olib o‘z asarini tag‘in ikki-uch marta qayta ishladi. Natijada, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, atoqli davlat va jamoat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov hayoti va faoliyatiga oid pishiq-puxta, hujjatli-badiiy roman dunyoga keldi. Bugun u keng o‘quvchilar ommasiga havola etilmoqda.
... Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: yozuvchi Luqmon Bo‘rixon O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov hayoti va faoliyati haqida badiiy asar yaratar ekan, nega aynan u kishi Qashqadaryo viloyatida ishlagan davrni mavzu qilib oldi? Chunki mustaqillik, ozodlik g‘oyalari bu insonda ilk bor o‘sha kezlari kurtak ota boshlagan edi. Bu haqda, keyinchalik, Islom Karimovning o‘zi katta yig‘inlarda so‘zlaganidan, ayrim asarlarida qayd etganidan ko‘pchilik xabardor. O‘sha davrda viloyat rahbari qashqadaryoliklar misolida butun O‘zbekiston xalqining dardini, muammolarini ko‘ra bildi. Paxta yakkahokimligini, barcha shart-sharoitlar mavjud bo‘lsa-da, respublikani rivojlantirish masalasiga markazdagilar atay panja orasidan qarayotganligini anglab yetdi. Bu qullik va qaramlikdan qutulish yo‘li bitta, u ham bo‘lsa, Mustaqillikni qo‘lga kiritish kerak ekanligini butun borlig‘i bilan his etdi. Islom Karimov shunday ulug‘vor kechinmalar, orzu-istaklar og‘ushida yurgan kezlari O‘zbekiston rahbarligiga saylanadi.