
«Odamlarni o‘zimning qarichim bilan o‘lchaganim uchun farzandlarim baxtsiz bo‘lishdi. Afsus, bular mening kasrimga bo‘layotganini juda kech tushundim...», deya o‘zini tanishtirdi jizzaxlik muxlisamiz Gulnora opa...
Bolaligimdan bir yomon odatim bor. Betob bo‘lganlar va baxtsiz kishilardan uzoqroq yuraman. Onam ko‘p bora «Bu ishing yaxshi emas, odamlarning dilini og‘ritasan», deb tanbeh berardi. Turmushga chiqqanimdan keyin ham bu odatim qolmadi. Qaynonamning yaqin dugonasi Nazokat xolani yuzidagi chandig‘i tufayli yoqtirmasdim. Biznikiga chiqsa ham so‘rashishga og‘rinardim. Qaynonam «Gulnoraxon, birovni ko‘nglini og‘ritish gunoh. Kim nimadan qochsa, peshonasidan chiqadi», derdi. Men esa na qaynonam, na erimning gaplariga quloq soldim. Mahallada biror yig‘in bo‘lsa, o‘ziga to‘q xonadonlarga qo‘shilardim. Erta bevaga aylangan, befarzand va turish-turmushi nochorlardan uzoq yurardim. Go‘yoki ularning «baxtsiz»ligi menga ham yuqib qoladigandek.
Shu zaylda yillar o‘tib, birin-ketin ikkita farzandli bo‘ldim. Alohida hovliga ko‘chib o‘tdik. Yoshimga yosh qo‘shilgani sayin ahmoqona fe'lim bosilishi o‘rniga battar avj olib borardi. Ammo buni tan olishni istamasdim. O‘g‘limni to‘yida kimdir ukamning qizlarini kuyovning tizzasiga o‘tqazib qo‘yibdi. Buni ko‘rib, jahlim chiqib ketdi. Javdirab qarab turgan onamga esa «Keliningiz ketma-ket qiz tuqqan, mening birinchi nabiram o‘g‘il bo‘lishi kerak!» deya gapirdim. Bu gapni boshqalar qatori kelinim ham eshitgandi. Ammo tilini tishlagancha jim qoldi. Yana kelin salomga qoladiganlarni saralay boshladim. Qaynsinglim birinchi turmushidan farzandi bo‘lmagach, xotini vafot etgan insonga turmushga chiqqandi. Shu bois, uni to‘yga aytishga og‘rindim. Hatto kelin-kuyovning chillali uyiga ham kirmaydi deb oyoq tirab oldim. Shundan so‘ng qizimga yaxshi joydan sovchi chiqib, uzatish harakatiga tushdim. O‘sha paytlarda qaynonam qandli diabet kasaliga chalingandi. Bir kuni qaynonam va onam biznikiga mehmonga kelishdi. O‘shanda qaynonam o‘tirgan ko‘rpachaga onamni o‘tkazishni istamay, yangisini yonidan solib, joy hozirladim. Bu ishimdan onam xijolat bo‘lsa-da, men parvoyimga ham keltirmadim. Qaynonam esa «Qizim, kasalim yuqumli emas, xavotir olmang», deya qattiq ranjidi. To‘yga ham boy-badavlat yashaydigan qo‘shnim Sanobarxonni bosh-qosh qildim. Bundan norozi bo‘lgan erimga «Sanobarxon har tomonlama o‘zidan tingan. Dang‘illama uyi, qo‘sha-qo‘sha mashinalari bor. Ikkita o‘g‘li ham chet elda. Qizini-ku manaman degan boylarga uzatgan», deya ma'ruza o‘qidim. Menga gapirish befoyda ekanligini bilgan erim oxiri ishlarimga aralashmay qo‘ydi.
Bir-birini quvlab yillar o‘tdi. Men irim qilgan qaynsinglim qirq yoshida ona bo‘ldi. Ukamning xotini esa oradan besh yil o‘tib, qo‘shaloq o‘g‘illarni dunyoga keltirdi. Qaynsinglim farzandli bo‘lgan yili qaynonam qolib, soppa-sog‘ yurgan onam dunyodan ko‘z yumdi. Orzu-havas bilan uylagan o‘g‘lim esa farzandli bo‘lolmay ikki marta oila qurdi. Haligacha bolasi bo‘lmayapti. Qizim ham qaynonasi bilan kelisha olmaydi. Deyarli har kuni biznikida. Farzandlarimning taqdirini o‘ylab turmush o‘rtog‘im ko‘p kuyunadi. «Hammasiga sen aybdorsan! Har kimdan ayb qidiravermay, bolalaringga yaxshilik tilaganingda bunday bo‘lmasdi…» deb yuzimga soladi. «Bemorlarning holidan xabar olishni xushlamasding. Mana o‘zing ham shunday odam bilan yashayapsan-ku», dedi erim o‘limidan bir necha oy ilgari.
Haqiqatan ham bir vaqtlar qaynonam aytganidek, nimadan qochgan bo‘lsam, bari yo‘limdan chiqdi. Ellik yoshimda beva bo‘lib qoldim. Bir vaqtlar men xavas qilgan boy qo‘shnim esa tez orada kasodga uchrab, uy-joyini sotdi-yu ko‘chib ketdi. Eshitishimcha, o‘g‘illari xorijdan kelishni istamay o‘sha yerda qolishgan, ota-onasidan xabar olishmas ekan. Orzulab uzatgan qizi bir vaqtlar yoqtirgan yigiti bilan topishib, turmushidan ajrabdi.
Har narsaning hikmatini boshingga dard kelganida tushunasan deganlari rost ekan. Fe'limning ahmoqonaligini kech tushunib yetdim. Dilini og‘ritganlarim endi yonimda emas. Qolgan umrimni hayotim davomida qilgan gunohlarimga istig‘for so‘rash bilan o‘tkazmoqchiman. Zora hayotim iziga tushib ketsa...