Ikki kundan beri Kattaqo‘rg‘onning oldi qizlari ishtirokidagi bir-ikki video Telegramni «gullatyapti». Videoda qizlar bir g‘alati qiliqlar qilib, yurib ketayotgan mashina kapoti ustiga yotib olib, baqirib, rasmiychasiga aytganda «jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan» harakat qilishgan (qizlarjonlar bunaqa ajabtovur qiliqlarni qaysi behayoning klipidan o‘rganishdi ekan-a? «O‘zbekkonsert» yaxshi ishlamayapti!).
Shu videolar bo‘yicha Samarqand viloyat militsiyasi tekshiruv o‘tkazibdi. Voqyea 13 noyabr kuni soat 16:00 atrofida Kattaqo‘rg‘on shahrining Amir Temur ko‘chasida bo‘lgan. «Yurish-turish qoidalarini qasddan, behayolarcha mensimasdan o‘ynayotgan, sochlari kalta sarg‘ish rangli qiz Kattaqo‘rg‘on tumani Payshanba shaharchasida yashovchi D.Ch., u bilan raqsga tushgan qiz esa Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi U.F. ekanligi aniqlangan», — deyiladi viloyat IIB axborotida.
Kapotiga boyagi — «yurish-turish qoidalarini behayolarcha mensimagan» payshanbalik qiz yotib olgan Nexia’ning rulida kattaqo‘rg‘onlik R.S. bo‘lgan — u aslida otasiga tegishli mashinani hech bir hujjatsiz haydagan (shahar markazida hujjatsiz kapotga bir qizni yotqizvolib mashina haydash — yurakni kattaligini qarang-yey!). Operator esa M.N., u ham kattaqo‘rg‘onlik (video chakki emas, telefonga olinganini hisobga olib, to‘rt plyus qo‘ysa ham bo‘ladi).
Otasining mashinasini haydagan R.S.ga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (MJtK (http://lex.uz/docs/97664))ning 135-moddasi 2-qismi («transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarning shu vositalarni boshqarishi», jazosi — 1 013 650 so‘m jarima), 138-moddasi 4-qismi («transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda yo‘lovchi tomonidan tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) salondan chiqarish», jazosi — 202 730 so‘m jarima) va 183-moddasi («mayda bezorilik», eng og‘ir jazosi — 15 sutkalik ma'muriy qamoq) bilan ma'muriy bayonnoma tuzilgan.
Hujjatsiz o‘g‘il (R.S.)ga mashinani berib yuborgan ota (R.N.) ham jazosiz qolmagan — unga MJtKning 135-moddasi 2-qismi («transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga transport vositalarini boshqarishning topshirilishi») bilan ma'muriy bayonnoma tuzilgan. Endi u eng kam ish haqining besh barobari (1 013 650 so‘m) miqdorida jarima to‘lashga majbur bo‘ladi (kami yo‘q).
Videoning bosh qahramonliklari — D.Ch. va U.F. ismli qizlarga nisbatan ham MJtKning 183-moddasi («mayda bezorilik») bilan ma'muriy bayonnoma tuzilgan. Fursatdan foydalanib, 183-moddaga (http://lex.uz/docs/97664#200538) sal batafsil to‘xtalsak. Mayda bezorilik degani nima o‘zi? «Jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik». Buning jazosi qanday? Eng kam ish haqining uch baravari (608 190 so‘m)dan besh baravari (1 013 650 so‘m)gacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha muddatga ma'muriy qamoq.
Hali hech kim jarimaga tortilmagan, hech kim qamalmagan bo‘lsa kerak — bu militsiya tomonidan to‘plangan ma'lumotlar, militsiya tomonidan tuzilgan ma'muriy bayonnomalar, xolos. Kimga qancha jarima solishu, kimni qancha muddatga qamashni sud hal qiladi. Lekin shu holatning o‘ziyoq qoni qaynoq yoshlar uchun ibrat bo‘lishi kerak, bizningcha.