Nahot, videolardagi bu ayol qilayotgan ishidan uyalmasa, birgina nojo‘ya harakati bilan bir san'atkorning obro‘siga putur yetkazayotganini tushunmasa? Uning atrofini o‘rab olib raqsga tushayotgan, qiyqirib olqishlayotgan erkaklarni nima jin urgan?
Bugun shou-biznesda biror xonandaning nomaqbul xatti-harakatlari tasvirlangan videolavhalar yoki ochiq liboslardagi suratlari tarqalishiga ancha o‘rganib qoldik. Hatto, ba'zi holatlarga ko‘z yumdik, kechirdik, unutishga harakat qildik. Doim namuna sifatida ko‘rsatilgan, xalq e'zozi va e'tiboridagilarning qilmishiga uyalganimizdan parvo ham qilmadik. Biroq tarqalayotgan videolar va fotosuratlar qahramoni har doim ham san'atkorlar bo‘lyaptimikin? Bunday tasvirlarni tarqatishda qanday maqsadlar yashiringanini ko‘pincha o‘ylab ham o‘tirmaymiz. Kechagina modellik yoki boshqa kasbning boshini tutib, so‘ng falonchi akasining himmati bilan qo‘liga mikrafon olganlar, bir qo‘shig‘i bilan yulduzlik kasaliga chalinganlar, kezi kelganda xalqni oyoq uchida ko‘rsatib, oxir-oqibat san'atkor nomiga dog‘ tushirayotganlar kammi?
YAqinda ijtimoiy tarmoqlar va qo‘l telefonlari orqali navbatdagi videorolik tarqaldi. Unda to‘ydagi xonanda ayolning (uni ayol deyishga ham tiling bormaydi) sharq ayollariga hos bo‘lmagan xatti-harakat bilan qo‘shiq aytib, erkaklar orasida raqsga tushayotgani tasvirlangan. Sharm-hayodan yiroq raqslari bilan davrani qizdirgan "xonanda” "Nihol” mukofoti sovrindori Hulkar Abdullayeva ijrosidagi "Paqa-paq” qo‘shig‘ining fonogrammasiga chunonan og‘iz qimirlatdiki...
Hulkar Abdullayeva bu vaziyatga og‘irlik va vazminlik bilan munosabat bildirgani aytayotgan gaplaridan ham ma'lum. Bu o‘rinda "O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga nisbatan ham kichik mulohazamiz bor: Qo‘lida litsenziyasi bor-yo‘qligidan qat'i nazar to‘yga chiqib qo‘shiq kuylayotgan xonandalarning faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish vaqti kelmadikin? Qaysidir xonanda qancha pul, vaqt sarflab chiroyli qo‘shiq kuylasayu maqsadi faqat pul topish bo‘lgan "to‘ychi xonandalar” uni to‘ylarda istaganicha ijro etishi, xalq qarshisida shahvoniy harakatlar bilan raqsga tushishi qanchalik to‘g‘ri? Ular nimaning evaziga pul topyapti, nimani targ‘ib qilyapti? O‘ylash fursati yetganday...
|