Olma olmani ko`rib rang oladi, deganda ajdodlarimiz (har xolda bu bugunning gapi emasda) nimani, kimni nazarda tutgan, bilmadik, lekin bu g`oyat serma`no ekaniga yana bir bor ishonch hosil qildi, Farg`ona viloyat televideniesi ko`rsatuvini tomosha qilganlar.
Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining "Hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ta`minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga muvofiq "Yo`l xaritasi” tuzilib, barcha darajadagi rahbarlarning xalq bilan muloqotlari belgilangan. Buning uchun to`rtta sektor tashkil etilganini bilsangiz kerak. Afsuski, Farg`ona shahri aholisining aksariyati bundan hamon bexabar ekan. 28 iyun kuni Farg`ona TRKning "Kun mavzusi” ko`rsatuvida bu sektorlar ishining haqiqiy ahvoli ochiq-oshkora namoyish etildi. Muxbir me`yoriy hujjat yuklagan vazifalarni sanab o`tgach, shunday deydi:
"Muxbir: Farg`ona shahridagi 20 ta mahalla shahar hokimi, 1-sektor rahbari Shavkat Erkaboevga biriktirilgan. Mahallalarni o`rganishdan avval sektor shtabi faoliyati bilan tanishdik, aholi murojaatlari bilan ishlash jarayoni, hujjatlar yuritish tartibi bilan qiziqdik. Hali sektorga biriktirilgan hududlarni o`rganmay turib shtabdagi holatdan hafsalamiz pir bo`ldi. Shtabda har kuni ertalab soat 8–00 da sektor rahbari va ishchi guruhi a`zolari ishtirokida yig`ilish o`tkazilishi belgilangan. Lekin...
Shtabda ishchi guruhining tarkibi va o`rganish jadvali tasdiqlanmagan, nomenklatura ham tartibsiz joylashtirilgan. Dalolatnomalarda murojaatlarning ijrosi ta`minlanganligi keltirilmagan. Uyma-uy yurib o`rganilganini tasdiqlovchi birlamchi hujjatlarning barchasi umumiy va oldi-qochdi gaplarga asoslangan. Fuqarolarning murojaati natijalari to`g`risida hech qanday hujjatlarni uchratmadik. 14 iyun kuni 22 ta xonadon o`rganilgan, dedilar. Lekin shtabda 2 soatga yaqin turgan bo`lsak-da, o`rganishlar bo`yicha kunlik ma`lumotlarni taqdim eta olisholmadi”.
Shundan so`ng sektorga o`z muammosi bilan kelgan Farida Eminova, Fotima Ro`zieva, Xafiza Madumarovalar kuyib-yonib sektor rahbari, hokimga uchray olmayotganlaridan nolidilar va ....
"Muxbir: Dardingni tinglaydigan odam bo`lmaganidan so`ng, hech yo`q sizlar eshitinglar deya, bizga murojaat qilgan fuqarolarni qiynayotgan masalani o`rganish uchun yo`lga chiqdik. "Qashqar qishloq” ko`chasida joylashgan 103-uyda bo`ldik. Uyga kirib to`g`risi, hayratdan yoqa ushlaysan. Uy egasining ta`kidlashicha, ushbu xonadon 7-8 oylarcha avval yonib ketgan ekan. Hovlidagi buyumlar alg`ov-dalg`ov bo`lib yotibdi. Sharoitni ko`rib, "Hozir qaerda yashayapsizlar?” deb so`radik.
Tasvirda Vasiljon Yakubov: Farzandlarim qo`ni-qo`shninikida, o`zim... tovuqxonada yashayapman”.
Shundan so`ng kamera shahar hokimi Shavkat Erkaboev mas`ul sektor hududidagi Abdulla Qodiriy nomli mahallada joylashgan ko`pqavatli uylarni bir-bir ko`rsatdi. Zaxlab, yorilib ketgan suv hamda oqava quvurlari, chivin va burgaga em bo`layotgan bolalar, ochiq-sochiq elektr shitlari, tomidan chakka o`tib suv bosgan xonadonlar, bolalar o`yin maydonchasi "berib yuborilgan” yoki umuman yo`q uylar, har erda ochiq-sochiq chiqindilar, odamlarning xorg`in yuzlari, hokimiyatga qatnayverib umidini uzgan ko`zlardan shashqator oqib tushayotgan iztirob yoshlari...
Yana muxbir gapiradi:
"Muxbir: Bizningcha, agar mas`ul rahbarlar uyma-uy yurib, muammolarni bartaraf etganlarida, ahvol bu qadar xunuk tus olmagan bo`lardi. Shu birgina uyda yashovchilarning yuraklaridagi dardu-alamlarini eshitsa, ochig`i tog`lar ham dosh bera olmaydi. Biroq mutasaddilarning befarqligi bizni taajjubga soldi”.
Xullas, telekamera boshqa sektorlardagi ahvolni ham bir-bir namoyish etdi. Xo`roz hamma erda birdek qichqirganidek, manzaralar o`sha-o`sha.
Ha, Farg`ona TRK muxbirining Xisob Palatasi bilan birgalikdagi o`rganishida dalillarga asoslangan xulosalar chiqarilgan: Shahar hokimi Shavkatjon Erkaboev mas`ul sektordagi ahvol shu bo`lsa...