AQSHning Texas shtatida yashovchi 26 yoshli Lizzi Velaskesni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari «Dunyoning eng xunuk ayoli», deb tan olishdi, deya xabar berdi «Kp.ru» nashri.
Ammo qiz bundan fojia yasamadi, balki u o‘zini qanday bo‘lsa shundayligicha qabul qilib, baxtini topdi. Lizzi "Dunyoning eng xunuk ayoli qanday qilib baxtli bo‘lgani haqida” nomli kitobni yozdi.
"Aksariyat ayollar ortiqcha vazndan qutulish uchun harakat qilsa, men semirishni orzu qilaman. Dunyodagi eng ozg‘in odam men bo‘lsam kerak, – deydi Lizzi. – Oshqozonimda biror muammo yo‘q, ota-onam ham meni och qo‘ymaydi. Ikkinchi sinfda o‘qiganimda vaznim qanday bo‘lgan bo‘lsa, shundayligimcha qolganman. Hatto yarim kilogramm semirish ham menga quvonch bag‘ishlaydi. Tug‘ilganimda hamma kabi oddiy, ammo juda ozg‘in qiz bo‘lganman. Ota-onam vrachlarga ko‘rsatgan, ular meni bedavo dardga chalingan deyishgan. Bu juda kam uchraydigan irsiy kasallik bo‘lib, odam hech qachon semirmay, ozib ketadi. Maktabda o‘qiyotganimda ikki operatsiyani boshdan kechirganman, bir necha marotaba qon quyishgan. Tibbiyot hali kasalligim sababini aniqlay olmagan. Chunki dunyo bo‘yicha bu kasallikka mendan tashqari yana ikki odam chalingan. Meni kelajakda nimalar kutayotganidan bexabarman, hozircha dardimning davosi topilmagan. Ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan videorolikda meni "Dunyoning eng xunuk ayoli” deb tan olishgan. Avvaliga bu narsa menga qattiq ta'sir qildi. Shunda o‘zimning muvaffaqiyatlarim bilan ularni lol qoldiraman, degan qarorga keldim. Bu haqda ota-onamga gapirib berdim. Ular ham foydalanuvchilarning fikridan qattiq xafa bo‘lishdi, bu videorolik qanchalik jirkanch bo‘lmasin, oilamizning jipslashishiga, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimizga sabab bo‘ldi. O‘sha paytlarda bugungidek baxtli bo‘lishimni tasavvur ham qilmagandim. To‘g‘ri, hayotim ideal darajada to‘kis emas. Ammo asosiysi, u og‘irmi, yengilmi, mening Hayotim, u faqatgina menga tegishli!”.