Bugungi kunda sayyoramizda 7 milliarddan ortiq kishi istiqomat qiladi. Aholi soni kun sayin o`smoqda. Biroq global iqtisodiyot, siyosat va xavfsizlikka aholining son o`zgarishlari emas, sifat o`zgarishlari ta`sir ko`rsatadi.
Yaqin o`n yillikda jaxon xaritasida demografik o`zgarish kuzatilib, aholi o`sishining 90 foizi Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasi hissasiga to`g`ri keladi. Iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarning aholisi keksayib bormoqda va shu bilan birga kamayib ketmoqda. Demografik inqiroz nafaqat Evropada balki, Osiyodagi ayrim mamlakatlarda, jumladan iqtisodiyotning g`arb modelini tanlagan Janubiy Koreya va Yaponiyada ham kuzatilmoqda.
BMT ma`lumotlariga ko`ra, 2050 yilda er yuzi aholisining 22 foizini pensionerlar tashkil qiladi. Har bir soniyada ikki kishi o`zining 60 yoshini nishonlamoqda. BMT prognozlariga ko`ra asrimiz o`rtalariga borib, er yuzida 100 yoshdan oshgan 3,2 millionga yaqin kishi istiqomat qiladi. Bugungi kunda ularning soni 300 mingdan oshib ketgan. 2050 yilda aholining o`rtacha yoshi 76 yoshni, 2100 yilda esa 85 yoshni tashkil qiladi. Bunga sog`liqni saqlash tizimining yaxshilanishi, iqtisodiy farovonlik sabab bo`ladi. Rivojlangan mamlakatlarda esa har bir ishlayotgan xodimga bir nafar pensioner to`g`ri keladi.
XVIII asr o`rtalarida er yuzi aholisining 20 foizi Evropada istiqomat qilardi. Sanoat inqilobi yuz bergach, "ko`hna qita” aholisi birdaniga oshib ketdi va Birinchi jahon urushi yillariga kelib to`rt barobar ko`paydi. 1913 yilda Evropa va Shimoliy Amerika aholisi er yuzi aholisining 35 foizini tashkil qilardi. O`shanda Evropada Xitoy aholisidan ko`p aholi yashardi. Oradan o`tgan 100 yil vaziyatni butunlay o`zgartirib yubordi. XXI asr boshlarida sayyoramiz aholisining atigi 17 foizi AQSh, Kanada va Evropa mamlakatlari hissasiga to`g`ri kelardi. 2050 yilga borib bu raqam 12 foizga tushib qolishi aytilmoqda. BMT ma`lumotlariga ko`ra, 2025 yilda er yuzida 8,1 milliard kishi istiqomat qiladigan bo`lsa, asrimiz o`rtalarida bu raqam 9,6 milliardga etadi.
Avlodlar davomiyligini ta`minlash maqsadida bir ayolga o`rtacha 2,1 nafar bola to`g`ri kelishi kerak. 2011 yilda bu raqam 1,5 tani tashkil qildi. Eng yuqori ko`rsatkich Irlandiyada (2,02), Fransiyada (1,96) va Buyuk Britaniyada (1,91) qayd qilingan. Baribir me`yordagidek emas. Qolgan mamlakatlardagi ko`rsatkich bong urish darajasida. Demografik vaziyat Janubiy va Sharqiy Evropa mamlakatlarida ayanchli ekani aytiladi. Avlodlar davomiyligi bilan bog`liq ayanchli vaziyat Germaniyada (1,41) ham kuzatilmoqda. Mazkur statistikadan ko`rinib turibdiki, bir qator Evropa mamlakatlari xalqlarining kelajagini yorqin deb bo`lmaydi. Agar tug`ilish shu darajada davom etadigan bo`lsa, 40 yildan keyin Evropa mamlakatlarining aholisi 100 million kishiga kamayadi. 60 yoshdan oshgan fuqorolar soni 47 foizga ko`payib, mehnatiga yaroqli fuqorolar 24 foizga kamayadi. Bu, o`z navbatida, sayyoramizning oldingi qatorida turadigan mamlakatlarning iqtisodiy o`sishiga, sog`liqni saqlash sohasiga va harbiy qudratiga ta`sir ko`rsatadi. Evropa, AQSh va Kanadaning jahon Yalpi Ichki mahsulotidagi hissasi 2050 yilda 30 foizdan kamayadi. Tahlilchilarning aytishicha, demografik muammolar bilan birgina Evropa xalqlari to`qnash kelayotgani yo`q. Tez orada Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur va hatto Xitoy ham mehnatga yaroqli fuqorolarga muhtojlik sezadi.
Birgina AQSh muammoni bartaraf etishi mumkin ekan. Bu mamlakatda yaqin-yaqingacha bir ayolga 2,4 bola to`g`ri kelardi. So`nggi ikki yilda bu ko`rsatkich anacha pasaydi. Biroq "okean orti”ga muhojirlarning ko`plab kelishi bu muamoni hal qilish imkonini beradi.
"Uchinchi dunyo” mamlakatlarida mutloqo boshqacha vaziyatini kuzatish mumkin. Bu mamlakatlarda har 15 oyda aholi 100 million kishiga ko`pmoqda. Bugungi kunda 15 yoshdan kichik har 10 nafar bolaning 9 tasi rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi. 2050 yilda jahon aholisining 70 foizi kam daromad ko`radigan 25 ta mamlkatda istiqomat qilar ekan. Jahon yoshlarining ko`pchiligi ish topish qiyin bo`lgan mamlakatlarda istiqomat qilishi bu davlatlarning qashshoqlashuviga, g`oyaviy jihatdan radikallashuviga va jahonda yangi "qaynoq nuqta”larning paydo bo`lishiga sabab bo`ladi.
Qashshoq va aholisi zich bo`lgan mamlakat xalqlarining taraqqiy etgan davlatlarga ko`chib ketishi tabiiy holga aylanadi. Muhojirlar Evropa mamlakatlari oldidagi muammolarni hal qiluvchi yagona omilga aylanadi. Biroq muammoni hal qilishning bu omili ham bir qator muammolarga sabab bo`lishi mumkin. Chunki muhojirlarning Evropa jamiyati bilan integrasiyalashuvi muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda. Bunga muhojirlarning o`zlarining anana, urf-odat va dinlariga sodiq qolayotgani sabab sifatida ko`riladi. Biroq Evropa muhojirlarga oid siyosatidan voz kecha olmaydi. Shu sabab muhojirlarning Evropaga moslashishi yo`lida milliardlar emas, balki trillionlab evro kerak bo`ladi. Muammoning hal qilinishining ikkinchi yo`li bu – evropalik ayollarning ikki va undan ortiq farzand ko`rishini targ`ib qilishdan iborat. Ammo buning deyarli imkoni yo`qligi aytiladi.