Uning qo‘shiqlari tinglovchilar ko‘nglidan chuqur joy egallagani rost gap. Biroq bu gal Dilso‘z bilan ijod haqida gaplashish uchun uchrashmadik. Xonanda farzand kutyapti. Nasib etsa, u uchinchi bor ona bo‘ladi!
— Farzand kutayotganingizni eshitib, xursand bo‘ldik. Tug‘ilajak farzandingizni eson–omon bag‘ringizga olish nasib qilsin!
— Tashakkur! Farzand ko‘rish istagidagi har bir ayolga bu ulkan orzusi amalga oshishini tilab qolaman! Aslida ham, biz, ayollarga berilgan eng buyuk ne'mat – bu onalik maqomi. Rostini aytsam, yana farzand ko‘rish haqida o‘ylamagan edik. Bolalarimiz hali kichik, ularni katta qilib olamiz, deyayotgandik. Yaratganning marhamati ekan, uchinchi bor ona bo‘lish nasib etadigan bo‘ldi. Bundan juda ham xursandman.
— Bolalarim kichik deyapsiz, mehringiz, e'tiboringiz bo‘linib qolishi o‘ylantirmayaptimi?
— Yo‘q. Bu haqida o‘ylamadim ham. Ayol sifatida boshqa narsalardan voz kechsam ham farzandlarimga birdek mehr ko‘rsata olishimga ko‘zim yetadi. Nazarimda, har bir ona bu fikrimga qo‘shiladi.
— Homiladorlik davri qanday o‘tyapti?
— Aksariyat dugonalarim homiladorlik toksikozidan qiynalishadi. Ayniqsa, birinchi uch oylikdagi bezovtaliklar haqida eshitganimda vahimaga tushardim. Ammo menda bunday bo‘lmadi. Hyech bir farzandimda toksikoz muammosiga duch kelmadim. Shuning uchun ham tuqqunimga qadar bemalol ijod qila olaman.
— Bu xushxabarni turmush o‘rtog‘ingizga qanday aytdingiz?
— Buni ikkimiz bir paytda bildik. UTTga borganimizda shifokor «Tabriklayman, oilangizga yana bir mehmon kelyapti», dedi. Ikkimiz birdek quvondik. Ko‘zlarimga yosh keldi. Har gal ona bo‘lish haqidagi yangilikni quvonch yoshlari bilan qarshi olaman.
— YAqinda uzoq kutilgan albomingiz taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Qo‘shiqlar to‘plamini oldinroq taqdim etishga nima to‘sqinlik qilgan edi?
— Bitta qo‘shiq yaratish uchun ancha mehnat qilinadi. Aytmoqchimanki, bu oson ish emas. Taronani yaratguncha bir necha oy izlanamiz. Musiqiy to‘plam taqdim etish uchun esa qo‘shiqlar soni ko‘p bo‘lishi kerak. Nihoyat, buning uddasidan chiqdim. Tinglovchilar qo‘shiqlarimni tinglab yaxshi baholashadi, degan umiddaman.
— Turk xonandasi bilan duet kuyladingiz. Yana hamkorlik qilish rejada bormi?
— Turk xonandasi Sinan Ozen bilan qarindosh tutindik desam bo‘ladi. Tez–tez xabarlashib turamiz. Rejalar esa bisyor. Yana bir nechta duet kuylashni o‘ylayapmiz.
— Yangi kliplar taqdim etmay qo‘ydingiz...
— Qo‘shiq yaratilayotganda unga klip olinadimi-yo‘qmi ma'lum bo‘ladi. Hozircha taronalarim ichida klip suratga oladigan darajadagilarini topmadim. Bu bilan umuman klip taqdim etilmaydi, demoqchimasman. Ayni kunlarda studiyada yozilayotgan qo‘shiqlarga video suratga olinishi reja qilingan.
— Hamkasblaringiz birin-ketin tadbirkorlikni boshlashyapti. Balki sizda ham shunday niyat bordir?
— O‘ylab qo‘ygan biznes rejalarim bor. Kelgusida «Dilso‘z» nomi bilan tikuv fabrikasi ochmoqchiman.
— Barcha orzularingiz ro‘yobga chiqishini tilab qolamiz.
— Rahmat!