"Suyunchi”, "Abdullajon”, "Chol va nabira”, "Chinora ostidagi duel”, "Osmondagi bolalar” hamda "Sotqin” filmlari muallifidan yana bir yangi film.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining buyurtmasiga binoan suratga olinayotgan, ishchi nomi "Adashgan farishtalar” bo‘lgan filmda aktrisalar Dilnoza Kubayeva, Shahzoda Matchonova va Ra'no Shodiyevalar taqdirning chigal yo‘lga kirib qolgan ayollarning obrazlarini gavdalantirishadi.
Film bosh rejissyori hamda ssenariy muallifi Rihsivoy Muhammadjanov Protoday nashriga bergan intervyusida suratga olayotgan yangi filmi xususida gapirdi:
– Dastavval respublikamizning barcha teatr sahnalarida olqishlar bilan kutib olingan spektakl asosida film yaratishga kirishildi. Film bugungi zamonamizning global muammolaridan biri bo‘lgan aldanib qolayotgan ayollarning hayotidan hikoya qiladi.
Filmda aktrisa Dilnoza Kubayeva jurnalist qiz obrazini gavdalantiradi. O‘z faoliyati taqozosi bilan aldangan ayollar haqida ko‘rsatuv tayyorlashga kirishgan jurnalist qizning hayoti kutilmaganda o‘zgarib ketadi. Sababi, ko‘rsatuvni tayyorlash chog‘ida adashgan qizlarni aslida uning suyukli turmush o‘rtog‘i shu kuyga solganini bilib qoladi.
Kutilmaganda hayoti o‘zgarib ketgan Dilnoza ikki o‘t orasida qoladi. Uning oldida endi ikki yo‘l bor. Xo‘sh, u sevgisini tanlaydimi yoki vijdonini? Filmning kulminatsiyasi ham aynan shu yerda. Filmnning intihosi haqida aytmayman.
Filmda yomon yo‘lga kirib ketgan qiz rolini o‘z hohishi bilan Shahzoda Matchonova o‘ynashga qaror qildi, aktrisa Rahno Shodiyeva esa qo‘shmachi ayol rolini tanladi. Aminmanki, ushbu film oz bo‘lsa-da yoshlarimizni bunday yo‘lga kirmasliklari uchun saboq bo‘ladi.”
Filmni suratga olish sentyabrda boshlandi, dekabrgacha ushbu jarayonnni nihoyasiga yetkazish ko‘zda tutilgan. Film premyerasi Yangi yilning boshlariga rejalashtirilgan.