O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra JAMILOVA haqida uning ijodi "so‘zlaydi”. Yuksak madaniyat borasida barmoq bilan sanarli san'atkorlar ro‘yxatining boshida turuvchi professional aktrisa ortga nazar tashlab, umr va hayot yo‘lini yodga oldi...
"BOLALIGIMDA JUDA SHO‘X EDIM"
— 1946 yilning 2 iyulida Toshkentda ziyoli oilada tug‘ilganman. Otam Abdumannon aka va onam Faridaxon farmatsevt bo‘lishgan. Oilada to‘rtta farzand: bir o‘g‘il, uch qizmiz. O‘rdadagi soyning narigi tarafida katta hovlimiz bo‘lardi. Kichkina eshikdan kirganda o‘ng tarafda ikkita amakim, bizning oila, yon tomonda rus qo‘shnilarimiz bilan yashardik. Lekin oraga devor urilmagandi, katta oiladek juda inoq edik. Sira yodimdan chiqmaydi, shu bir xona, bir dahlizli hovlimizda yashaganimizda katta opam chuchvara qilaman, deb xamirni ko‘p qilib qo‘ygan. "Kirma xonaga, chiq ko‘chaga”, deb meni uyga qo‘ymadi. Dadam ishdan keldi ham opam yig‘lab, chuchvara tugish bilan ovora, eng kulgilisi oyoq bosishga joy yo‘q. O‘sha kuni hovlimizdagilarning hammasi chuchvaraxo‘rlik qilgan (kuladi). Keyinchalik Lunacharskiy markazidagi hovliga ko‘chib o‘tganmiz. Yoz payti hovli qurish uchun otam sotib olgan atrofi ochiq dashtdek yerda o‘ynardik. Buvimning kechki ovqati pishguncha daladagi pomidor, non, gazli suv bilan qornimizni to‘ydirib olardik, birortamiz kasal ham bo‘lmabmiz-a? Ota-onamning ishi shaharda bo‘lgani bois har dam olish kuni bizdan xabar olib ketishardi. Yodimda, buvimning dala hovlisida tulkilar ham bo‘lardi, buvimning tovuqlarini yeb qo‘ygani esimda. Uxlash uchun yerga qator qilib joy solib berishardi. Eng qizig‘i, qo‘limizda uzun xipchin bilan uxlardik, boisi sanoqsiz qurbaqalar ustimizda sakrab yurardi (kuladi). Ana shu quruq yerni otam juda chiroyli hovliga aylantirgan. Bahorda hovlimiz ko‘zni qamashtiradigan darajada chiroyli bo‘lib ketardi. Mevali daraxtlardan tashqari, uch tup nastarin, o‘ttizta atirgulimiz bor edi-da. Shu atirgullarni otam "to‘g‘ri ushla, suv quy, shoshma” kabi tanbehlar bilan o‘zimga ektirgandi, ming azobda ekkandim (kuladi). Bolaligimda juda sho‘x edim, akamga qo‘shib mening sochimni ham olishardi. O‘g‘il bolalar o‘ynaydigan hamma o‘yinlarni o‘ynardim. Katta tutimizga qalin arqon bog‘lab, Tarzandek harakatlar qilib uchardik, ovozini o‘xshatish ham yodimizdan chiqmasdi (kuladi). Nimadir bo‘ldi-yu, qo‘shnimiz Vitya bilan urishib qolib, uni tez oqar suvga itarib yubordim. Keyin onasi dadamga ustimdan arz qildi. O‘shanda otam oyog‘imni osmondan qilib, o‘tinxonamizdagi simyog‘ochga ilib qo‘ygan. "Dada, boshim bilan tushib ketsam-chi?” deb zorlansam, "ko‘proq o‘g‘il bolalar bilan yoqalashib yurgin”, deb shu tariqa jazolagandi. Qattiqqo‘lliklariga qaramay, hazilkashligi ham bor edi. Har dam olish kuni onam bilan oddiy gaplarni ham opera kuylab gaplashishardi. Negadir shu odat hozir menga o‘tgan, qo‘shnilarim ham hayron bo‘lsa kerak (kuladi). Yoz kunlari qo‘shni bolalar yig‘ilib, ota-onalarga konsert qo‘yardik. Qosh qoraygach esa bolalar va ota-onalar bekinmachoq o‘ynardik. Dam olish kunlari radioda "Teatr mikrofon oldida” eshittirishini eshitardik va uni muhokama qilardik. Otam har hafta teatrga olib borishni kanda qilmasdi. Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida "Doktor Voyjonim” baletini ko‘rib, raqs bilan "kasallanganman”. Qo‘shnimizga "oyoq uchida turishim uchun tapochka tikib bering”, deb, onamning anchagina sochig‘ini boshiga yetganman.
"RAQSDAGI FAOLIYATIM YAKUNLANGAN"
— 1-sinfdan 5-sinfgacha 1-sonli maktabda o‘qidim. Otam san'atga befarq bo‘lmagani bois 10 yoshimda Toshkent xoreografiya bilim yurtiga o‘zi olib borgan. Ozgina vaqtdan keyin "ertadan kechgacha ovqat yemay yurasan, qulog‘ingdan kun ko‘rinib qolyapti-ku”, deb Toshkent xoreografiya bilim yurtiga borishimni taqiqlagan. Ikkinchi qavatdan yig‘lab tushayotganimni ko‘rgan vokal pedagogi Mariya Lesnaya "qo‘shiq kuylashni bilasanmi?” deb ovozimni tekshirib ko‘rgan va otamga ovozim borligini tushuntirib, meni Uspenskiy nomidagi musiqa maktabiga olib borishini aytgan.Uyda kim qayerga ketsa, xat qoldirardi. Men ham "solfedjio darsiga ketdim, ovqat yedim yo ulgurmadim”, deb xat yozib ketardim. Shu bois uyda laqabim solfedjio edi. U yerda ikki yil o‘qidim. O‘quvchilar saroyi tashkil qilgan o‘n kunlik yangi yil archa bayramiga drama to‘garagidagilar "Qorbobo” nomli bolalar operasini sahnalashtirgan. Undagi bosh qahramon Dunechkaning uchta ariyasini kuylash uchun ovozi bor qizlar kerak bo‘lgan va O‘quvchilar saroyi direktori Uspenskiy nomidagi musiqa maktabining vokal bo‘limiga kelgan. Omadni qarang, meni ham tanlab olishgan. O‘quvchilar saroyida raqs to‘garagi ham bor ekan, raqsga bo‘lgan muhabbatim tug‘yon ko‘tarib, ham drama, ham raqs to‘garaklariga yozilib olganman. So‘ng otam "daraxt bir yerda ko‘karadi”, deb tanbeh berdi. Shu bois musiqa maktabini tashlab, 71-o‘rta maktabda o‘qiy boshladim. Musiqa va raqsni ham tarozi pallasiga qo‘yganimda, raqs ustun kelgan. 7-sinfni tamomlab, 1961 yilda O‘zbek Davlat xoreografiya bilim yurtiga hujjat topshirganman va o‘zbek milliy raqs bo‘limiga qabul qilinganman.1-bosqichda o‘qib yurganimda, o‘qishimizga "Bahor” raqs ansambli badiiy rahbari Mukarrama Turg‘unboyeva raqqosalari bilan Moskvada o‘tadigan o‘zbek san'at va adabiyoti kunlariga tayyorlanish uchun kelgan. Moskvadagi sahnani to‘ldirish uchun O‘zbek Davlat xoreografiya bilim yurtidan qo‘shimcha raqqosalarni tanlab olgan, ular orasida men ham bor edim. Shu-shu ansamblda raqqosa sifatida ishlay boshlaganman. Ham o‘qib, ham ishlardim, konsertlarda ikki tilda she'rlar o‘qib, boshlovchilik qilardim. O‘zbek Davlat xoreografiya bilim yurtidagi dars vaqtida suv sepilgan polda raqs tushayotib, sirg‘anib yiqilganim natijasida to‘pig‘im singan. Mukarrama opa qo‘yib yuborishni istamay, mo‘miyo ham topib keldi, biroq foydasi bo‘lmadi. Jarohatim sabab, o‘rtamiyona raqqosa bo‘lishni istamay, raqsdagi faoliyatimni yakunlaganman.
"TEATRDAN KETGANIMDAN AFSUSLANMAYMAN"
— 1964 yilda avvalgi Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutiga hujjat topshirganman. Imtihonga tayyorlanolmaganman, Farg‘onadagi gastroldan to‘g‘ri kelganman-da. Rejissyor Sharofat Shakirova Turob To‘laning "Lolaqizg‘aldoq” she'rini tayyorlanishim uchun bergan. She'r va etyud bilan "Drama va kino aktyori” fakultetiga qabul qilinganman. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi Nina Timofeyeva va O‘zbekiston xalq artisti Nazira Aliyevalar qo‘lida tahsil oldim. 1-bosqichda o‘qib yurganimda Yaponiyaga borishim kerak edi. Lekin institutdagi rahbarim tavsifnomamga "bizga sodiq qolmay, sotilib ketasiz”, deya imzo chekmagan. Hyech qancha vaqt o‘tmay, yana talabnoma kelgan va Hindiston yoshlarining birinchi konferensiyasiga ketganman. 3-bosqichda o‘qib yurganimda Chingiz Aytmatovning "Sarviqomat dilbarim” spektakli bilan Moskvada o‘tgan Butunittifoq san'at institutlari ko‘rigida kursimizga 2-o‘rin nasib qilgan va menga "Eng yaxshi ayol roli” diplomini topshirishgan. Spektaklda Asal rolini ijro etgandim, aynan shu ismni qizimga qo‘yganman.
Kursimiz barchani lol qoldirib, uchta diplom spektakli tayyorlaganmiz, barchasida bosh rollarni ijro etganman. 1966 yili men bilan kursdoshim Hojiakbar Nurmatovni O‘zbekiston Milliy akademik drama teatriga ishga olishgan. Ijodni Shekspirning "Veronalik ikki yigit” spektaklidagi bosh qahramon Silviya roli bilan boshlaganman. Omadliligim shundaki, katta-katta spektakllarda bosh rollarni ijro etdim, zabardast aktyorlar bilan birga ishladim. Qirq yildan oshiq ishlab, hech qachon biror rejissyordan rol so‘ragan emasman. Boisi, "u meni shu rolda ko‘rmayapti, demak zo‘r ijro qilsam ham befoyda”, degan fikr bo‘lgan.
Shu o‘rinda aytish joiz, teatrda ustoz-shogird bo‘lmaydi, biz axir etikdo‘z yo raqqosa emasmiz-ku, ustoz raqs qo‘ysa, men xuddi o‘zidek qilib ijro etib bersam. "Falonchi ustozim, pismadonchi shogirdim”, degan gaplar menga erish tuyuladi. Institutda teatr san'atidan o‘git bergan Nina Timofeyeva, raqs sirlarini o‘rgatgan Mukarrama Turg‘unboyevanigina ustozim, deya olaman.
Ba'zi sabablarga ko‘ra, 1987-1991 yillarda avvalgi Abror Hidoyatov nomidagi o‘zbek davlat drama teatrida ishladim. So‘ng yana 1991 yildan O‘zbek Milliy akademik drama teatriga ishga qaytdim, 2000 yilgacha ishladim.
Buxorodagi gastrolda qo‘yilgan "Zebiniso” spektaklini o‘ynab bo‘lib, noto‘g‘ri qurilgan dekoratsiyaning chiqish yo‘li bo‘lmagani bois balandlikdan orqaga yiqilib, qattiq lat yeganman, umurtqam darz ketgan.
Rejissyor Melis Abzalovning "O‘tkan kunlar” filmini suratga olish yakunida qalin qor yoqqan tog‘da bir sahna qolgan edi. Shu kuni ham qorda oyog‘im toyib, qattiq yiqilganman, yelkam chiqqan. Og‘riq bilan o‘tgan to‘qqiz oylik azobim oxiri operatsiya bilan tugagan. YUqoridagi ikkala holatda ham ish vaqtida jarohatlanganlik nafaqasini olmay, o‘z hisobimdan ta'til olibman-da. Mayli, o‘tgan ishga salavot... Qisqasi, ikki yil o‘z hisobimdan davolandim. Keyin yana o‘n kun o‘z hisobimdan ta'til so‘rasam, rad javobini berishgan. Shunda aynan 27 mart — Xalqaro teatr kunida o‘z xohishim bilan ariza yozib chiqib ketganman... Lekin sahnada o‘ynamagan rollarim qolmadi, shu bois qarorimdan sira achinmaganman. Eng zo‘r mehmondorchilikdan ham vaqtida ketishni bilish kerak!
"ORZUIMDAGI ROLNI IJRO ETGANIMCHA YO‘Q"
— 18 yoshimda rejissyor Uchqun Nazarov "Surayyo” filmining kinosinoviga taklif qilgan, biroq qahramonga nisbatan yosh ko‘ringanim uchun rolga tasdiqlashmagan. O‘shanda "O‘zbekfilm”ni yelkamning chuquri ko‘rsin”, degandim. 1965 yil rejissyor Shuhrat Abbosovning "Qalbingda quyosh” ("Prozreniye”) filmidagi ko‘zi ojiz qiz roliga kinosinov topshirtirishgan. Chet eldagi yoshlar va talabalarning xalqaro festivalida qatnashish uchun Moskvada ko‘rikda edim, rolga tasdiqlanganim haqida qo‘ng‘iroq qilib, xabar qilishgan. Issiqko‘lga suratga olishga ketish kerakligi bois institutdagi imtihonlarni ham avvaldan topshirganim hech yodimdan chiqmaydi. O‘zbekiston xalq artisti Shuhrat Abbosov bilan ishlash men uchun katta "maktab” bo‘ldi. Kinodagi faoliyatim ham muvaffaqiyatli boshlanib, shu tarzda davom etdi. Ikkinchi katta "maktab”im bu — taniqli rejissyor Yo‘ldosh A'zamov suratga olgan "O‘tkan kunlar” filmi bo‘ldi. Aynan "O‘tkan kunlar”dagi Kumush kinodagi tashrif qog‘ozim bo‘lib qoldi. Biroq hali orzuimdagi rolni ijro etganimcha yo‘q. Ko‘pchilik "san'atkorlarga maza, hech tashvishi yo‘q”, deydi. Biroq har bir aktrisaning dilida aytolmaydigan gaplari, dardi bo‘ladi. Qolaversa, oilamiz, o‘zimizga yarasha tashvishlarimiz bor, ishonib topshirilgan rolni qoyilmaqom darajada ijro etib, tomoshabinga taqdim etish kerak. Bularning bariga ulgurish kerak. Qani endi aktyorlarning fidoyiligi, hayotda qanday insonligini boricha yoritadigan ssenariy bo‘lsa?! Aynan shunday rolni ijro etgim kelyapti. Bugungi kunda ssenarist va rejissyorlar uchun mavzular yo‘q emas, lekin ko‘pchiligi erinchoq-da. Fojia shundaki, ular institut talabasiga aylanishi bilan o‘zini rejissyor, deb biladi. Lekin bu sohada bir umr o‘rganish lozim, bundan uyalish kerak emas, mana shu — ijod! Shunda hozirgidek filmlar ham, undagi aktyorlar ham bir xil bo‘lmaydi.